O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 2 iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari nafaqat qo‘shni, balki asrlar davomida qondoshu qardosh bo‘lib, bir buloqdan suv ichib, bir havodan nafas olib, yagona osmon ostida bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanib kelgan, yaxshi-yu yomon kunlarda yelkama-yelka turib, qiyinchiliklarni yengib o‘tgan. Yagona din, o‘xshash madaniyat, urf-odat va an’analar bir-biriga mustahkam bog‘lab turadi.

Prezidentlarning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlandi.

Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Yetakchilar o‘rtasida qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi.

So‘ng Tojikiston Prezidenti “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Mehmonga majmuaning mazmun-mohiyati va me’moriy xususiyatlari haqida so‘zlab berildi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizga kelgan oliy darajadagi mehmonlar tomonidan ushbu monumentga gul qo‘yish marosimi an’anaga aylandi.

Ko‘ksaroyda Tojikiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon shohsupaga ko‘tarildi. O‘zbekiston va Tojikiston davlat madhiyalari yangradi. Faxriy qorovul davlat rahbarlari oldidan tantanali yurib o‘tdi.

Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari ham hozir bo‘ldi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.

Davlat rahbarlari birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan o‘zaro manfaatli O‘zbekiston –Tojikiston hamkorligini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Muzokaralarda asosiy e’tibor ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning kun tartibini tubdan kengaytirish masalalariga qaratildi.

Keyingi olti yilda hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida yutuqlarga erishildi. Oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o‘rtasida muntazam almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgan.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ko‘p qirrali O‘zbekiston – Tojikiston strategik sherikligini yanada rivojlantirish yo‘lidan qat’iy borishlarini tasdiqladilar.

Davlat rahbarlari savdoni faol kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, ikki mamlakatning logistika va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish hamda suv energetikasi loyihalarini amalga oshirish orqali munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tomonlarning intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning muzokaralari ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

O‘zbekiston rahbari ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etib, Tojikiston bizning yaqin qo‘shnimiz, sodiq do‘stimiz, davr sinovidan o‘tgan ishonchli strategik sherigimiz ekanini ta’kidladi.

Prezidentimiz o‘zaro manfaatli va har tomonlama hamkorlikni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatli yo‘lida bundan buyon ham mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Tovar ayirboshlash 600 million dollarga yetdi. Qo‘shma korxonalar soni 10 karra oshdi.

Kuni kecha o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumning muvaffaqiyatli natijalari – 1 milliard dollarlik yangi bitim va shartnomalar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Transport, hududlararo hamkorlik, parlamentlararo va madaniy-gumanitar aloqalar borasida ham muhim natijalarga erishildi.

Ikki davlat poytaxtlari Toshkent va Dushanbe shaharlari, Surxondaryo va Xatlon viloyatlari hamda Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va So‘g‘d viloyatlari o‘rtasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tashrif doirasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni Jizzax va So‘g‘d viloyatlari ham qabul qiladilar.

Prezidentlar birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik ustuvor ahamiyatga ega ekanini, savdo hajmi va nomenklaturasini karrasiga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladilar.

Mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, charm, farmatsevtika, oziq-ovqat, agrosanoat, tog‘-kon, metallurgiya va boshqa tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirish uchun katta istiqbollar borligi qayd etildi.

O‘zbekiston – Tojikiston investitsiya kompaniyasi salohiyatini faol ishga solish orqali hududlararo va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish dolzarbligi ko‘rsatib o‘tildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi. Prezidentlar fan, ta’lim, san’at, kino va turizm sohalaridagi hamkorlikka e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladilar. Yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish va ma’naviyatini yuksaltirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Yetakchilarning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi abadiy do‘stlikni mustahkamlash va ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha tarixiy qarori qo‘yilgan maqsadlarga erishishda muhim omil bo‘ladi.

Ta’kidlanganidek, Tojikiston Prezidentining diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladigan joriy yilda o‘tayotgan ushbu tashrifi birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari mustahkamligining yorqin tasdig‘idir.

Tojikiston Prezidentining tashrifi doirasida Zarafshon daryosida Yavan gidroelektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon ramziy tugmani bosib, qurilishga start berdilar.

Ushbu inshoot energetika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikda birinchi yirik loyiha bo‘ladi. 140 megavatt quvvatli zamonaviy stansiya mamlakatlarimiz energetik xavfsizligi, suv va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Muhandislik ishlari to‘liq zamonaviy standartlar asosida, ilg‘or xorijiy kompaniyalar ishtirokida olib borilmoqda.

Loyihani moliyalashtirishga yetakchi xalqaro institutlar, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki qiziqish bildirgan.

Ushbu loyiha tarmoqning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash, minglab xonadonlar va yangi korxonalarni “yashil” energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tarixiy ahamiyatga ega Abadiy do‘stlikni mustahkamlash va ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.

Bundan tashqari, hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 11 ta hujjat imzolandi.

Jumladan:

– Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

– Madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– O‘zbekistonning Jizzax viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

– Atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– Ipakchilik tarmog‘ida hamkorlik to‘g‘risida memorandum.

Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda Prezidentlar muzokaralar ochiqlik, o‘zaro ishonch, anglashuv va do‘stona ruhda o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni va ushbu mamlakat delegatsiyasi a’zolarini mehmondo‘st O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, Tojikiston bizning asrlar sinovidan o‘tgan yaqin qo‘shnimiz, sodiq do‘stimiz va ishonchli strategik sherigimiz ekanini yana bir bor ta’kidladi.

– O‘zbekiston xalqi birodar tojik xalqi bilan tarix, madaniy-ma’naviy meros va ajdodlarimizning ezgu an’analari mushtarakligiga asoslangan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qadrlaydi. Yorug‘ kunlarda ham, sinovli damlarda ham biz doimo yelkama-yelka turganmiz, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarda haqiqatdan katta marralarga erishishga, ularni juda yuqori darajaga ko‘tarishga muvaffaq bo‘linganini ta’kidladi.

– Aynan shu tufayli bugun chinakam tarixiy ahamiyatga ega qaror qabul qilindi. Biz Abadiy do‘stlikni mustahkamlash va ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

– O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini Tojikistonda juda qadrlashadi. Joriy yil oktyabr oyida Tojikiston va O‘zbekiston diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligini nishonlaydilar. Ahamiyatlisi, biz uchun muhim bo‘lgan aynan shu yilda munosabatlarimizni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qildik, – dedi Emomali Rahmon.

Keyingi yillarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi qariyb 40 barobarga, joriy yil boshidan esa 35 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shu yil 20 iyun kunidan boshlab Toshkent – Dushanbe yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdining qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Tomonlar yangi tranzit yo‘laklarini shakllantirish va zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, havo, temir yo‘l transporti va avtobuslar qatnovini ko‘paytirish, birgalikda agroklasterlar va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishga kelishib oldilar.

Energetika va suvdan oqilona foydalanish borasida samarali hamkorlik uchun noyob imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Tojikiston Prezidentining Muzliklarni asrash xalqaro fondini tashkil etish va 2025 yilni Muzliklarni himoya qilish xalqaro yili deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Muzokaralarda parlamentlararo muloqot va xalq diplomatiyasini yanada kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

– Birodar xalqlarimizni o‘zaro boyitish va yaqinlashtirishga, mamlakatlarimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan millatlarimizning ko‘p sonli vakillari bizni birlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Biz milliy madaniy markazlarning muvaffaqiyatli faoliyati uchun bundan buyon ham zarur sharoitlar yaratishga tayyor ekanimizni tasdiqladik, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Bundan tashqari, O‘zbekiston har yili Tojikiston fuqarolari uchun ajratiladigan ta’lim grantlari sonini ko‘paytirmoqchi.

Mamlakatlarimizda kino, madaniyat kunlari va turli festivallarni muntazam o‘tkazib borish davom ettiriladi.

Ma’lumki, joriy yilda buyuk shoirlarimiz Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning yaqin do‘stligiga bag‘ishlangan qo‘shma filmni suratga olish boshlanadi.

– O‘ylaymanki, film namoyishi davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligini keng nishonlash doirasida uzoq kutilgan voqea bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining alohida ahamiyatini, xalqaro tashkilot va tuzilmalar doirasida konstruktiv muloqot va o‘zaro ko‘makni davom ettirish zarurligini qayd etdilar.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning tarixiy tashrifi natijalari, hech shubhasiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro anglashuv va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Shundan so‘ng Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan ushbu sanoat majmuasida umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha yo‘lga qo‘yilgan. bugungi kunda shundan 13 tasi ishga tushgan bo‘lib, elektron gaz hisoblagich, muzlatgich, sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari, lift va eskalatorlar, suv nasoslari, eshik va deraza romlari uchun aksessuarlar yasalmoqda.

Bu yil izolyatsiya mahsulotlari, suv isitish uskunalari, oshxona texnikasi korxonalari hamda logistika markazi ishga tushiriladi.

Tojikistonlik mehmonlarga Texnoparkda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning afzalliklari haqida so‘zlab berildi.

Bu tovarlar xorijiy brendlar nomida va ularning nazorati ostida tayyorlanishi bois xaridorgir. Sifat va narx mutanosibligi bilan qo‘shni mamlakatlar bozoridan ham o‘rin egallamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki davlatning turdosh muassasalari rahbarlariga o‘zaro yaqindan ishlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi va savdoni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Mamlakatimizning sanoat salohiyati, mahsulotlarning keng assortimenti va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Ziyodilla JONIBEKOV,

Abdulaziz MUSAEV

O‘zA muxbirlari