Ayni kunlarda Ispaniyaning Barselona shahrida YUNESKOning Butunjahon oliy ta’lim anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli anjumanda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etyapti.
3 kun davomida o‘tkaziladigan tadbirlar kun tartibida oliy ta’limda mobillikni rivojlantirish, sohada global hamkorlikni jadallashtirish va xalqaro ko‘p tomonlama konvensiyalarga qo‘shilish orqali mobillikdagi turli to‘siqlarni olib tashlash kabi masalalar o‘rin olgan.
Unda Covid-19 pandemiyasining oliy ta’limga ta’siri, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda oliy ta’limning o‘rni, oliy ta’limning inklyuzivligi kabi masalalar ham muhokama etildi.
Ma’lum qilinishicha, anjumanda O‘zbekistonda oliy ta’lim sifatini ta’minlash va inson kapitalini rivojlantirish hamda oliy ta’lim malakalarini xalqaro darajada tan olinishini ta’minlash borasidagi ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, ushbu xalqaro anjuman har 10 yilda bir marta o‘tkaziladi. Avvalgi tadbirlar Parijda 1998 va 2009 yillarda tashkil etilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif davomida Barselona va Pampeo Fabra universitetlari, Barselonadagi milliy ta’lim axborot markazi va YUNESKO ofisi rahbarlari bilan ham uchrashib, muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.
O‘zA