Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida 2 ming 500 gektar maydonga achchiq qalampir ekish rejalashtirilmoqda. Uning 1 ming 890 gektari fermer xo‘jaliklari yeriga, 610 gektari aholi tomorqasiga ekiladi.

To‘rtko‘l tumani hokimligida achchiq qalampir yetishtirish, uning texnologiyasi va afzalliklariga bag‘ishlab o‘tkazilgan hududiy seminarda shu haqida ma’lum qilindi.

Mutaxassislar achchiq qalampir mo‘l daromad manbai ekanini ta’kidlashmoqda. Achchiq qalampir vitaminga juda boy poliz ekinidir. Yer sayyorasining issiq va tropik iqlimli mamlakatlarida u ta’m beruvchi ekin sifatida yetishtiriladi. O‘sib rivojlanish davrining qancha davom etishiga qarab u ertapishar, o‘rtapishar va kechpishar navlarga bo‘linadi.

Tadbirda o‘simlikning biologik xususiyatlari, uning iqlimlashtirilgan navlari, tuxumini ekishga tayyorlash, ko‘chat yetishtirish, ekish agrotexnikasi, yuqori hosil olishda qo‘llaniladigan profilaktik tadbirlar, hosilni yig‘ib olish usullari haqida tavsiyalar berildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 15-16-dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida oziq-ovqat sanoati sohasida amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar, shuningdek, tomorqa yerlardan samarali foydalanish dasturi loyihasi bilan tanishib, ularni yanada takomillashtirish va o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Jumladan, bugungi kunda jahon bozorida talab ortib borayotgan achchiq qalampir ekish, uni yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha vazifalar belgilab bergan edi.

Tadbirda To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a tumanlarining qishloq va suv xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermerler, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari ishtirok etdi.

 

Yesimqan Qanaatov, O‘zA