O‘n uch umumta’lim maktabida, qator litsey va kollejlarda koreys tili dars sifatida o‘qitiladi

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Ta’lim markazi bilan hamkorlikda seminar tashkil etildi. 

Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar Harakatlar strategiyasida umumiy o‘rta ta’limni yanada rivojlantirish, o‘qitishni sifat va mazmun jihatdan yuqori bosqichga olib chiqishdek vazifalar belgilanganini ta’kidladi.

O‘qitish sifatini yuksaltirishda xorijiy mamlakatlar bilan ma’rifiy hamkorlikning tobora kengroq yo‘lga qo‘yilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda Koreya Respublikasiga qilgan davlat tashrifi doirasida imzolangan bitim va kelishuvlar bilan birga ta’lim sifatini oshirish maqsadida yurtimizda ushbu davlatning o‘qitishga oid ilg‘or tajribalarini joriy etish masalasiga e’tibor qaratilgan edi.

Mamlakatimizda Koreya Respublikasi bilan ta’lim sohasidagi hamkorlik o‘qitishning umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’limda pedagoglarning professional mahoratini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, o‘qitishga ilg‘or AKT va pedagogik texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda tobora rivojlanmoqda. Jumladan, har yili mamlakatimiz umumta’lim maktablarining informatika o‘qituvchilari Koreya Respublikasida axborot texnologiyalari sohasida malaka oshirmoqda. Yurtimizdagi 13 umumta’lim maktabida, qator litsey va kollejlarda koreys tili dars sifatida o‘qitiladi.

– Yurtingizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor tahsinga loyiq, – deydi Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligining boshqarma boshlig‘i Choy Chun Xa. – Ushbu seminar ta’lim sohasida ilg‘or bilim va tajribalarni o‘zaro o‘rtoqlashish, fikr almashish, kasbga oid malaka va ko‘nikmalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminarda pedagoglar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘qitish va amaliyotda qo‘llash, multimedia mahsulotlarini yaratish, ta’lim sifatini monitoring qilishdagi mezonlarni ishlab chiqish va baholash tizimini takomillashtirish, ta’limni boshqarishni tashkil etish bo‘yicha xorijlik mutaxassislar bilan tajriba almashish imkoniyati yaratiladi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim vazirliklari va O‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim markazining mas’ul xodimlari Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligining mutaxassislari bilan ilg‘or ish tajribalari xususida o‘zaro fikr almashadi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA

  30.11.2017, 10:37  |    777 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!