Milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas manbai

Poytaxtimizdagi muhtasham Xalqaro Kongress markazida 21-oktyabr kuni oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Unda senatorlar, deputatlar, hukumat aʼzolari, davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, ijodkor ziyolilar, tilshunos olimlar, yoshlar ishtirok etdi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yigʻilganlarni, butun xalqimizni ushbu tarixiy sana bilan tabriklab, oʻzbek tilining taraqqiyoti va istiqbollari haqida nutq soʻzladi.
Til millat mavjudligini tasdiqlovchi hujjat, taʼbir joiz boʻlsa, uning pasportidir. Tilning butun qudrati, sehru jozibasi, avvalo, ana shu tilning yashovchanligida, unda yaratilgan badiiy adabiyotda namoyon boʻladi. Shu bois oʻzligini tanigan har bir millat ona tili va adabiyotini asrab-avaylaydi, uning rivoji yoʻlida bor kuch-salohiyatini safarbar etadi.
Mustabid tuzum davrida milliy tillarni, jumladan, oʻzbek tilini ham yoʻqotishga koʻp urinishlar boʻldi. Ona tili millatimiz ziyolilari kabi qatagʻon qilindi, davlat idoralari tugul oddiy davralarda ham soʻzlashish vositasi sifatida oʻrnini yoʻqotar darajaga kelib qoldi.
Ana shunday bir paytda, milliy istiqlol arafasida xalqimiz oʻz ona tilini – milliy gʻururini saqlab qoldi. Millatparvar ziyolilar, tilimiz fidoyilarining jonkuyarligi natijasida 1989-yil 21-oktyabr kuni qabul qilingan qonunga asosan, oʻzbek tili mamlakatimizda davlat tili maqomiga ega boʻldi. Mustabid tuzum davrida oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi Vatanimiz mustaqilligi sari qoʻyilgan dastlabki dadil qadam edi.
Har qaysi xalqning ona tili uning milliy ruhi va oʻzligining, milliy gʻoyasining asosini tashkil etadi. Til va xalq tushunchalari barcha zamonlarda oʻzaro uygʻun holda idrok qilingan. Tilsiz xalq va xalqsiz til boʻlmaydi.
Mustaqillik yillarida ona tilimizning maqomini tiklash, oʻzbek tilini keng isteʼmolga kiritish maʼnaviy sohadagi islohotlarning oʻzagiga aylandi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlar va qarorlar oʻzbek tilida yozildi, taʼlim maskanlarida oʻzbek tilini oʻqitish, ona tili vositasida yosh avlod ongiga milliy gʻurur-iftixor tuygʻularini singdirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbek tilining xalqimiz, jamiyatimiz rivojidagi muhim roli bilan bogʻliq koʻplab tadqiqotlar olib borildi, bir qancha terminologik, tarjima, etimologik, izohli lugʻatlar, qomuslar dunyo yuzini koʻrdi.
Keyingi yillarda Harakatlar strategiyasiga muvofiq, maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan izchil oʻzgarishlarda tilimiz rivojiga qaratilgan saʼy-harakatlar alohida oʻrin tutadi. Oʻzbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qoʻllanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pogʻonaga koʻtardi.
Bugungi kunda mamlakatimizda shakllangan odil va xolis til siyosati natijasida oʻzbek tili nufuzli minbarlardan yangramoqda, xorijiy mamlakatlarda oʻzbek tilini oʻrganishga ishtiyoq tobora kuchaymoqda. Oʻzbekistonning yaqinda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlib qoʻshilgani hamda Ozarbayjonning Boku shahrida boʻlib oʻtgan tashkilotning navbatdagi sammitida teng huquqli aʼzo sifatida ishtirok etgani oʻzbek tilining nufuzini oshirish yoʻlidagi muhim qadamlardan boʻldi.
Prezidentimizning joriy yil 4-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tilini ulugʻlash, uning mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi nufuzini yuksaltirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Mazkur qarorga muvofiq, joylarda oʻzbek tili bayramlari, sayillar, adiblar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari, maktablarda insholar tanlovlari oʻtkazildi, teatr va kinoteatrlarda, madaniyat saroylarida buyuk allomalarimiz haqida spektakllar, filmlar namoyish etildi.
– Bundan oʻttiz yil oldin qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonun nechogʻli tarixiy hujjat boʻlsa, Prezidentimizning ushbu sanani nishonlash toʻgʻrisidagi qarori ham ana shunday ahamiyatga ega, – deydi OʻzRFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov. – Oʻzbek tili oʻttiz yil davomida juda katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Oʻzbek tilining yangi besh jildlik izohli lugʻati, oʻzbek qomusiy lugʻati nashr qilindi. Mazkur tantananing Oʻzbekistonga koʻrku salobat baxsh etib turgan yangi saroyda oʻtkazilayotgani ham oʻziga xos ramziy maʼnoga ega. Bu binolar mustaqil yurtimizning milliy tiklanishdan – milliy yuksalishga intilayotgani dalolati boʻlib, til bayramining mazkur maskanda nishonlanishi ona tilimizga boʻlgan yuksak hurmatning yaqqol ifodasidir.
Ushbu tarixiy sanadan oʻttiz yil oʻtib bu borada yana bir qutlugʻ qadam qoʻyildi. 2019-yil 21-oktyabr kuni Prezidentimizning “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga binoan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.
Tantanali marosimda eʼlon qilingan ushbu xushxabarni butun xalqimiz katta xursandchilik bilan qarshi oldi.
Prezident ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi taʼsiri va mavqeini yanada oshirish, “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini taʼkidladi. Bu boradagi dolzarb vazifalarga alohida eʼtibor qaratdi.
Bayram tadbiri soʻnggida sanʼat ustalari ishtirokida Vatan, xalq, va ona tilimizni tarannum etuvchi konsert dasturi namoyish etildi.

 

Matnazar ELMURODOV, Aʼlo ABDULLAYEV (surat), OʻzA