Endi kafelar tunu kun ishlashi mumkin, qachonki...

Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlarda jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi (624-son, 24.07.2019-y.)
✅ Qarorga muvofiq, 2019-yil 15-oktyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlar quyidagi talablar bajarilganda tunu kun faoliyat yuritishi mumkin:
???? koʻrsatilgan obyektlarning ichki qismiga, shu jumladan, xizmat koʻrsatish xonalari, kirish va chiqish joylariga tasvirni kamida oʻttiz kun davomida saqlash imkoni boʻlgan videokuzatuv tizimini oʻrnatish;
???? binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va boshqa tegishli hududni yetarli darajada (kamida 10 metr masofada) yoritish;
???? binoda shovqin meʼyorlariga qoʻyilgan talablarga amal qilish yoki tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asboblardan foydalanmaslik;
???? yongʻin oʻchirish vositalari va tibbiy yordam qutichalari bilan taʼminlash;
???? hamma uchun koʻrinarli joylarga evakuatsiya chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari haqida maʼlumotlar oʻrnatish.
Koʻrsatilgan obyektlar rahbari mazkur talablar bajarilgani haqida hududiy ichki ishlar organlariga maʼlumot taqdim etadi.
Talablarga rioya etmagan holda tungi vaqtda faoliyat yuritish taqiqlanadi hamda tegishli tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
Talablar doirasida tunda ishlovchi mazkur obyektlar faoliyatiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aralashish taqiqlanadi.
Ushbu obyektlar tomonidan qaror talablari buzilsa yoki jamoatchilik tomonidan muntazam shikoyatlar tushsa tegishli hokimliklar tomonidan ularning tungi vaqtda faoliyat yuritish huquqi bekor qilinishi mumkin.
Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi bunday obyektlar joylashgan yoʻnalishlarda patrul guruhlari tomonidan doimiy nazorat oʻrnatiladi.
Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi, deya yozadi huquqiy axborot kanali.

 

OʻzA