Mamlakatimizda bogʻ va issiqxonalar koʻpaytiriladi

Prezidentimiz Buxoro tumanidagi “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 10 iyuldagi “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladigan zamonaviy issiqxonalarni tashkil etishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, Buxoro viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanish, shu asosda yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Erkin iqtisodiy zona zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini, jumladan, gidroponika texnologiyalarini qoʻllagan holda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar jalb etish, qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqarishning urugʻdan tortib mahsulotni bozorga yetkazib berishgacha boʻlgan barcha jarayonini yoʻlga qoʻyish hamda ragʻbatlantirishning samarali mexanizmlarini joriy qilishi bilan dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi ilgʻor tajribani oʻzida ifoda etadi.

Bugungi kunda erkin iqtisodiy zona uchun 3 ming gektar yer maydoni ajratilgan. 2019 yilda 598 gektar yer maydoniga 314,7 million dollarlik 98 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Zamonaviy energiya tejamkor issiqxonalar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash hamda qadoqlash uchun ekologik toza qutilar ishlab chiqarish loyihalari hayotga tatbiq etilsa, 4 ming 300 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Rossiya, Qozogʻiston va MDH davlatlariga 64 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.

Shu yerning oʻzida “Agro Trade” MCHJ meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish, “Buxoro Vernet” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasi, “Banoaz Textil”, “Rus Trade” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan issiqxona barpo etish loyihalari taqdimotlari ham oʻtkazildi.

Xususan, “Buxoro Vernet” xorijiy korxonasi tomonidan hududda 115 gektar maydonda 98 million dollar mablagʻ evaziga zamonaviy issiqxona qurish rejalashtirilgan. Bir gektar yer maydonida 300 tonnadan 560 tonnagacha pomidor yetishtiriladi, 2 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi. Joriy yilda 30 gektar maydonda issiqxona qurish koʻzda tutilgan. Bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan.

Turkiya davlatidan issiqxona uchun uskunalar keltirilmoqda. Qurilish ishlari tugagach 250 ish oʻrni yaratiladi.

Korxona 2019-2021 yillar davomida bosiqma-bosqich ishga tushiriladi.

Tadbirkorlar – Oʻzbekistonning asosi. Harakat qilgan baraka topadi. Tadbirkorlik rivojlansa, koʻplab odam ishli boʻladi, daromad oladi, dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda bogʻ va issiqxonalarni koʻpaytirish, sifatli meva-sabzavotlar yetishtirish, ularni eksport qilish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

 

Умар Асроров, ЎзА