Jahon chempionatiga yoʻl bolalar futbolidan boshlanadi

Joriy yilda poytaxtimizning Yashnobod tumani hokimligi tashabbusi bilan “Yashnobod” professional futbol klubi tashkil etilgan edi. Ayni paytda ushbu jamoa Toshkent shahar chempionatida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.
 
photo5454243205177518626.jpg
– Hududimizda 57 mahalla fuqarolar yigʻini mavjud, – deydi Yashnobod tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Hojiakbar Tillashayxov. – Tuman aholisining katta qismi voyaga yetmagan bolalar va oʻsmirlardir. Maqsadimiz ana shu farzandlarimizning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularni millionlar oʻyini – futbolga jalb etish va shu orqali yangi isteʼdodlarni kashf qilishdan iborat. Yaxshi niyat bilan tumanimizda “Yashnobod” professional futbol klubiga asos solindi. Hozirda ularning erishayotgan natijalari yomon emas. Ayni shu klub qoshida tashkil etilgan bolalar futbol seksiyalarida yuzlab yoshlar mahoratini oshirishmoqda. Muhimi, ular sogʻlom va barkamol voyaga yetib, jamiyatimizga nafi tegadigan inson boʻlsa, bas.
Shahar va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etib kelayotgan “Yashnobod” bolalar futbol jamoasi joriy yil 23 noyabr 2 dekabr kunlari Malayziyada boʻladigan bolalar oʻrtasidagi xalqaro turnirida qatnashish uchun taklifnoma oldi. Tuman hokimligi bolalar futbol jamoasini qoʻllab-quvvatlab, ularning 20 dan ortiq davlatdan yosh futbolchilar qatnashadigan xalqaro turnirda ishtirokini taʼminladi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 14-15 yoshli futbolchilardan iborat “Yashnobod” futbol jamoasi xalqaro turnirda ishtirok etish uchun Kuala-Lumpurga kuzatildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda tuman faollari, ota-onalar jamoa aʼzolariga omad va oq yoʻl tiladi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA