Samarqandda qirgʻiz madaniyati kunlari

Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan Qirgʻiziston Respublikasi madaniyati kunlari ishtirokchilari Samarqandga tashrif buyurdi.

Mehmonlar dastlab, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Qoʻshni davlat madaniyat xodimlari Amir Temur maqbarasi, Registon maydonida boʻldi, ularning tarixi bilan qiziqdi. Bu yerda faoliyat yuritayotgan hunarmandlar ishini, ular yaratayotgan mahsulotlarni kuzatdi.

– Oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining turmush tarzi, urf-odat va anʼanalarini bir-biridan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi, – deydi delegatsiya rahbari Qirgʻiziston Respublikasi madaniyat, axborot va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Baqtibek Sekimov. – Mana Samarqandda odamlar bilan tarjimonsiz bemalol soʻzlashayapmiz. Usta-hunarmandlar mahsulotini kuzatib, madaniyatlarimiz mushtarak ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildik. Afsuski, xalqlarimiz bir muddat bir-biridan uzilib qoldi. Internet tarmogʻi orqali Yer yuzining sayqali boʻlmish Samarqandga dunyoning turli hududlaridan minglab mehmonlar tashrif buyurayotganini oʻqib, gohida xoʻrsinib qoʻyardim. Yon qoʻshni boʻlib turib, shunday moʻjizakor shaharni borib koʻrolmasak, degan oʻy qiynardi. Yaratganga shukur, ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli yana madaniy aloqalar tiklandi. Oʻtgan yili bizning mamlakatda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyati kunlari boʻlib oʻtgan edi. Bu yil Qirgʻiz madaniyati Oʻzbekistonda namoyish etilmoqda. Bunday tadbirlar oxirgi marta bundan 20 yil oldin tashkil etilgan ekan. Samarqandda oʻtkazilayotgan tadbirlar tarixda birinchi marta tashkil etilmoqda. Bundan avval Toshkent va Andijon shaharlarida uyushtirilgan edi. Kelgusida bunday madaniy tadbirlarini tez-tez, turli viloyatlarda oʻtkazishni maqsad qilganmiz. Chunki, madaniy aloqalar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida “Sharq yulduzi” kinoteatrida qirgʻiz kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Qurbonjon Dodxoh” badiiy filmi namoyish etildi. Madaniy dastur Samarqand viloyat musiqali drama teatrida Toʻxtagʻul Sotilgʻonov nomidagi Qirgʻiziston Davlat filarmoniyasining milliy folklor dasturi va qirgʻizistonlik sanʼatkorlarning konserti bilan yakunlandi.

photo5384481168080087549.jpg

photo5384481168080087550.jpg
photo5384481168080087551.jpg

 

Alisher Isroilov (surat), OʻzA