Doʻstlik ramziga aylangan koʻrgazma

Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan Qirgʻiziston Respublikasi madaniyati kunlari doirasida Toshkent Fotosuratlar uyida bezakli-amaliy sanʼat namunalari hamda atoqli adib Chingiz Aytmatov hayoti va faoliyati, ijodiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma tashkil etildi.

Yurtimizda boʻlib oʻtayotgan mazkur madaniyat kunlarining asosiy tarkibiy qismi “Qizil olma – Aytmatovga bagʻishlov“ deb nomlangani bejiz emas. Negaki, joriy yilda adabiyot muxlislarining sevimli yozuvchisi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlanmoqda.

Shu bois koʻrgazmaning bir qismida Qirgʻizistonda oʻtgan yillar mobaynida eng faol va samarali mehnat qilayotgan hunarmand va ustalarning ijodi bilan xalqimizni yaqindan tanishtirishdek maqsad koʻzlangan boʻlsa, ekspozitsiyaning ikkinchi qismi adabiyot ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan ijodkorning umr yoʻli, serqirra va fidokorona faoliyati bilan muxlislarni yaqindan bahramand etadi.

Adibning yuksak insoniy qadriyatlar ulugʻlangan asarlarida koʻtarilgan mavzular bugun ham dolzarbligi, insoniyatni mudom ogohlikka, ona tabiatga, borliqqa hurmat bilan munosabatda boʻlishga, oʻzlikni saqlab qolishga chorlayotgani bilan qadrlidir. Koʻrgazmada ustoz yozuvchining ogʻir bolalik yillari, urushning musibatli damlari, oila aʼzolari bilan birga adib va jamoat arbobi sifatida faoliyati aks ettirilgan turkum fotosuratlarga keng oʻrin berilgan.

Mazkur koʻrgazma oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining doʻstligi, hamjihatligi, maqsad-muddaolari uygʻunligining yana bir amaliy ifodasidir.

24.jpg

25.jpg
44.jpg

 

N.Usmonova, F.Abdurasulov (surat), OʻzA