"Korzinka.uz“ rahbari Oʻzbekistonda taʼlim sifati talab darajasida emasligini taʼkidladi

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqida boʻlib oʻtgan “Mfond“ maktab rahbarlari oʻquv muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun homiylik mablagʻlarini jalb qilishga qaratilgan jamoatchilik xayriya jamgʻarmasining taqdimot marosimida soʻzga chiqqan tadbirkor Zafar Hoshimov haqiqatdan ham Oʻzbekistonda taʼlim sifati talab darajasida emasligini taʼkidladi.
— Oʻzbekistonda hali ham ayanchli ahvoldagi maktablar bor. Bugungi kunda mamlakatimizda zamon talablariga mos ilm oʻrganish tizimini tashkil qilish zarur. Ilgari ota-onalar bolalariga yaxshi oʻqish bilan birga sinfda ham faol boʻlishni tayinlar edi. Endilikda yoshlarning oʻz sinfida ham eng faoli boʻlishi yetarli emas. Chunki, oʻzaro sogʻlom raqobatni kuchaytirish zarur. Raqobat bor joyda rivojlanish boʻladi, – deydi ”korzinka.uz“ tarmogʻi asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov.
Mamlakat iqtisodiyotini koʻtarish uchun taʼlimga investitsiya kiritish, tizimni yanada rivojlantirish, malakali oʻqituvchi-murabbiylarni jalb qilish zarur. Baʼzida shunday vaziyat ham boʻladiki oʻz faoliyatimdan qiyos, sohaga bilimli mutaxassislarni jalb qilolmayapmiz. Sababi ular yetari emas. Bori ham xorijga ishlagani ketishni maʼqul koʻradi. Shu kabi masalalarni eʼtiborga olgan holda “Mfond“ jamoatchilik xayriya jamgʻarmasiga davomiy stipendiyani joriy etishni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Bundan koʻzlangan maqsad tizimni toʻgʻri shakllantirish orqali kelgusida barcha sohalarga bilimli mutaxassislarni taʼminlab berishdir.
Bizning farzandlarimiz bu yerda oʻn kunda olayotgan bilimiga rivojlangan mamlakatlarda esa oʻquvchilar bir soat vaqt sarflamoqda. Hozir joylarda sifatli taʼlim yuqori texnologiyalar asosida joriy etilish, mamlakatimiz iqtisodiyoti koʻtarilishi uchun, avvalo, taʼlimga alohida eʼtibor koʻrsatish lozim. Yurtimizdagi faol tadbirkorlar ushbu fondni shakllantirishda ishtirok etishsa, farzandlarimizning kelajagiga poydevor yaratgan boʻlamiz. Bu fond oʻylaymanki, Oʻzbekiston kelajagi uchun muhim investitsiyadir.

 

M.Toshqorayeva, OʻzA