Isteʼmolchi talabi qanoatlantirildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tumandagi “Meliorator” koʻchasida yashovchi Ismoil Asanovdan murojaat kelib tushdi. Unga koʻra, isteʼmolchi tuman dehqon bozoridagi “Mangʻit saoʻda” shoxobchasidan joriy yilning fevral oyida 2 million 350 ming soʻmga “Biryusa-6” nomli muzlatkichni sotib olgan.
Xarid amalga oshirilgach 2 oy oʻtar-oʻtmas unda nosozlik aniqlangan. Bu haqida I.Asanov sotuvchiga xabar berganda, kafolat muddati tugamagan boʻlishiga qaramasdan oʻz hisobidan taʼmirlatish lozimligini aytgan.
Mazkur murojaat tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganib chiqilib, isteʼmolchining muzlatkichi yangisiga almashtirib berildi.

 

OʻzA