Do‘stlik va hamjihatlikning yangi davri

O‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar tanishuv safari bilan Tojikistonda bo‘ldik. Safar oldidan Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy ushbu tadbir Prezident Imomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida tashkil etilayotgani bilan ahamiyatli ekanini qayd etdi.
Tojikistonda bir dovon bor…
Safarimiz davomida Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar, taassurotlar haqida avval xabar bergan edik. Ushbu shaharda joylashgan Shayx Maslihaddin maqbarasi ziyoratidan so‘ng mashhur “Payshanba” bozorini tomosha qildik. Kechayu-kunduz ishlaydigan bozorda meva-sabzavotlar, qovun-tarvuzlar narxi bizning bozorlarimiz bilan deyarli teng. Bozorning gavjum rastalarida o‘zbek mahsulotlari uchun ham alohida joylar ajratilgan. E’tiborli jihati, O‘zbekiston mahsulotlariga bu yerda qiziqish katta. Xo‘jandliklar buni ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan mustahkam do‘stlik aloqalarining samarasi, deya e’tirof etadi.
Shundan so‘ng Istarafshan shahriga yo‘l oldik. Bizni shahar hokimi Bahrom Inoyatzoda kutib oldi. Shaharning qadimiy Mug‘ tepaligida joylashgan amfiteatrda Istarafshan hunarmandlari ko‘rgazmasi bo‘ldi. Bu yerda kashtachilik, kulolchilik, gilamdo‘zlik, pichoqchilik, yog‘och o‘ymakorligiga oid hunarmandlik mahsulotlari namoyish etildi. So‘ng Shahriston tomon yo‘l oldik va bu yerdagi xushmanzara dam olish maskanida bo‘ldik.
Keyingi manzilimiz Dushanbe shahri bo‘ldi. Poytaxtga yetib olish uchun dovondan o‘tish kerak. Bu dovon ta’rifini ko‘pchilik eshitgan. Tojikistonga kelib shu dovondan o‘tmagan sayyoh mamlakatning haqiqiy go‘zalligidan bebahra qolgan hisoblanadi. Yo‘limiz davomida bunga amin bo‘ldik. Dovon bo‘ylab harakatlanar ekanmiz, baland va oxiri ko‘rinmaydigan tog‘ tizmalari odamga zavq bag‘ishlaydi.
Dushanbegacha ikkita tunneldan o‘tdik. Biri 8 kilometr, ikkinchisi 5 kilometr ekan. Manzara haqiqatan go‘zal. Pastga tusha boshladik. Angladikki, manzilga yaqinlashdik. Yo‘l-yo‘lakay Varzob daryosining jo‘shqin suvlarini tomosha qilib bordik. Va, nihoyat, Dushanbe shahriga yetib keldik.
Dushanbe taassurotlari
Dastlab Tojikiston Milliy kutubxonasiga bordik. Kutubxona direktori Abdusalom Miralizoda mazkur ziyo maskani haqida ma’lumot berdi. 2012 yilda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon tashabbusi bilan bunyod etilgan kutubxonaning balandligi 52 metr, 3 millionga yaqin kitob fondiga ega. Kutubxona 36 bo‘limdan iborat bo‘lib, 20 ga yaqin o‘qish zallari mavjud. Eng katta zal 500 kishiga mo‘ljallangan. Shuning o‘zi mamlakatda ilm-fan, ma’naviyat-ma’rifatga bo‘lgan e’tibor yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Tarixiy kitoblar bo‘limida turli davrlarga oid qadimiy kitoblar saqlanadi. Qozon shahridan olib kelingan Qur’onning kichik nusxasi barchaning e’tiborini tortdi. Shuningdek, kutubxonada o‘zbekcha kitoblar saqlanadigan alohida bo‘lim mavjud. Bu kitoblarni Tojikistonda faoliyat yuritayotgan olimlar, shoirlar, professor-o‘qituvchilar yozgan.
Ma’lumki, o‘zbek va tojik xalqi uzoq yillik tarixga ega. Bu tarix ikki davlat qanchalik yaqin ekanligini isbotlaydi. Tojikiston Milliy muzeyi bilan tanishuv davomida biz bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Bu yerda 50 mingdan ortiq eksponat, 3 mingdan ortiq tarixiy-madaniy yodgorlik saqlanadi. Muzeyda o‘tmishdan to hozirga qadar Tojikiston tarixi aks etgan. Shuningdek, mamlakatning yangi tarixiga oid ma’lumotlar bilan tanishdik. Mazkur muassasalarda bo‘lib o‘tgan konstruktiv muloqotlarda ikki davlatning ma’naviy sohada amalga oshirayotgan islohotlari xususida fikr yuritildi.
Shundan so‘ng Tojikistonning yana bir tarixiy maskani – Hisor shahridagi Hisor qal’asiga keldik. Qal’a 3 ming yillik tarixga ega. Qal’a ichidagi xonalarda hisorlik hunarmandlar gilamdo‘zlik, kashtachilik, do‘ppido‘zlik bilan shug‘ullanmoqda. Tojikistonda bu yil Turizmni rivojlantirish va xalq hunarmandligi yili, deb e’lon qilingani hunarmandlarga ushbu sohani yanada rivojlantirish uchun keng imkon yaratmoqda.
Keyingi manzil Dushanbe shahridagi “Talco cable” kabel ishlab chiqarish korxonasi bo‘ldi. Korxona bosh direktori Yusuf Shohiyonning ta’kidlashicha, ushbu korxona Germaniya, Chexiya kabi davlatlarning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan. O‘zbekistonning “O‘zmetkombinat”, “Procab”, “Techno cabel group” korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu korxonalar bilan 2 million AQSH dollari miqdorida shartnoma imzolangan bo‘lib, mamlakatimizdan mis sim, lentalar va bir necha turdagi tayyor xom ashyolar sotib olish rejalashtirilgan.
Shahardagi “Istiqlol” sog‘lomlashtirish majmuasi eng zamonaviy va yirik markaziy shifoxonalardan biri. Bu yerga tashrifimiz chog‘ida davolash, tashxis qo‘yish, jarrohlik va boshqa diagnostika xonalari bilan tanishdik. Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, yaratilgan sharoitlar, xalqaro hamkorlik xususida aytib o‘tildi. 10 gektar maydonda joylashgan shifoxona bir vaqtning o‘zida 650 kishiga xizmat ko‘rsata oladi. Barcha texnologiyalar, asbob-uskunalar Germaniya, Shveysariya va boshqa davlatlardan keltirilgan. E’tiborli jihati, yurak kasalliklari bo‘limida turli davlatlardan kelgan asosan yosh bemorlar davolanib ketishadi. Jumladan, yurak nuqsoni bo‘lgan bolalar shifo topadi.
Sport kanaliga tashrif ham qiziqarli bo‘ldi. Zamonaviy studiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir, ko‘rsatuv tayyorlash uchun barcha sharoit yaratilgan. Shundan so‘ng tojikistonlik jurnalistlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda televideniyening yutuq va kamchiliklari, ushbu sohada ham hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro fikr almashildi.
Dushanbedan Xatlon viloyatiga
Safarning to‘rtinchi kuni Dushanbedan Xatlon viloyatiga yo‘l oldik. Yo‘l-yo‘lakay Norek suv omborini tomosha qildik. Ko‘lob shahriga yetib keldik. U yerda bizni shahar hokimi Xayrullo Omonullo kutib oldi. So‘ng Mir Said ali Hamadoniy maqbarasini ziyorat qildik. Hamadoniy 1314 yil Hamadonda tavallud topgan. Umrining 7 yili Ko‘lobda o‘tgan. Asosan o‘zbeklar yashaydigan Tomosha tepa mahallasidagi maktabga borib, u yerda xalq hunarmandligi ko‘rgazmasi bilan tanishdik, oqsoqollar bilan suhbatlashdik. Mahalla keksalaridan biri Yo‘ldosh Zokirovning so‘zlariga ko‘ra, bu yerdagi o‘zbeklar Qashqadaryo viloyatidan kelgan. Mahallada 600 dan ortiq oila yashaydi. Keksalar o‘zbeklar va tojiklar et bilan tirnoq ekanini ta’kidlashdi.
Ko‘lobdan so‘ng Dang‘ara tuman markaziga bordik. Dastlab markazdagi Dang‘ara davlat universiteti faoliyati bilan tanishdik. Universitet rektori Nurali Shohiyon O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish niyati borligini aytdi. Mazkur dargohda ta’lim olayotgan 8,5 ming talabaning 300 ga yaqini O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istondan kelgan. Universitetda talabalar 65 mutaxassislik bo‘yicha tahsil oladi. Shu yerda talabalar tomonidan tayyorlangan zamonaviy shaharsozlik loyihasi maketi, turli innovatsion ixtirolar hamda hunarmandlik ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Shundan so‘ng tumandagi “Juntay Dang‘ara sin silu tekstil” paxtani qayta ishlash korxonasiga bordik. Bu korxona Xitoy va Tojikiston qo‘shma loyihasi asosida tashkil etilgan bo‘lib, paxtadan tayyor ip-kalava ishlab chiqaradi. 650 mahalliy aholi ish bilan ta’minlangan. Yillik savdo aylanmasi 24 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Yurt sog‘inchi…
Navbatdagi manzil Xatlon viloyatining Boxtar shahri bo‘ldi. U yerda katta konsert dasturi namoyish etildi. Ikki davlat do‘stligini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Boxtar shahridagi markaziy bozorni aylandik. Ayollar zargarlik buyumlarini tomosha qildi, biz esa mebel va furnituralar hamda maishiy texnikalar sotadigan do‘konlarni aylandik. Shu do‘konlarning birida o‘zimizning milliy mahsulotimiz – “Artel” mahsulotlari sotilayotganiga guvoh bo‘ldik. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy texnika mahsulotlariga talab yuqori.
Boxtar shahri Urgut mahallasida istiqomat qiluvchi aholining 80 foizi o‘zbek millatiga mansub ekan. Bizni qo‘yarda-qo‘ymay osh va boshqa taomlar bilan siylashdi. Mahalla aholisi asosan hunarmandlik bilan shug‘ullanar ekan. So‘ng Ato Muhammadjonov nomidagi Komediya va musiqa teatri faoliyati bilan tanishdik. Bu yerda Chingiz Aytmatovning 90 yilligiga bag‘ishlab “Qiyomat” spektakli sahnalashtirilayotgan ekan. Spektakldan lavha namoyish etildi. O‘zaro muloqotda san’at va teatr vakillarining hamkorlikda gastrol safarlarini ko‘paytirish haqida aytildi.
Safarimiz davomida tojik xalqining O‘zbekiston bilan aloqalar yangi bosqichda davom etayotganidan mamnunligi shundoq sezilib turdi. Ayniqsa, Prezident Imomali Rahmonning O‘zbekistonga kutilayotgan davlat tashrifi barcha jabhadagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga zamin yaratishiga ishonmoqda.
Panjakent tomon yo‘lga tushar ekanmiz, yurt sog‘inchini his qila boshladik. Shu tariqa Tojikiston bo‘ylab safarimiz yakun topdi va biz Samarqand viloyatiga kirib keldik.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA Toshkent – Dushanbe – Toshkent.