Deputatlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutuvchi qonun loyihalarini muhokama qildilar

Deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Dastavval Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining hamda O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda quyi palata kun tartibiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan edi. Qonun loyihalari muhokamalarining natijalari bo‘yicha ularni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqilib, tavsiyalar berilgandi.

Deputatlar o‘z ishlarini yangi tahrirdagi “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan boshladilar. Ta’kidlanganidek, mamlakat iqtisodiyotining barcha soha va tarmoqlarida bo‘lgani kabi bojxonaga oid qonun hujjatlarini yanada liberallashtirish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida bojxona rasmiylashtiruvlarini soddalashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni yuritish borasida so‘nggi yillarda muhim tarkibiy o‘zgarishlar qilinmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan bojxona organlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida qonuniylik, ochiqlik, shaffoflik hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qat’iy rioya qilish ishiga doir normalar belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun bojxona organlari xodimlarining javobgarligini oshirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash hamda bojxona ishini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqib, ularni amaliyotga tatbiq etish masalalari huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi bojxona organlari faoliyatining huquqiy asoslari takomillashishiga, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini samarali ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha huquqiy mexanizmlarning joriy etilishiga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolaridan iborat bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilib, muhokamaga kiritilgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ko‘mir, neft, tabiiy gaz va uran kabi qazilma boyliklar jahon energetika balansining asosi hisoblanadi. Biroq qazib olish va foydalanish jarayonlarida ularning zaxiralari yildan-yilga kamayib bormoqda. Kelgusida iqtisodiyotning rivojlanishi, aholi sonining o‘sishi hamda odatdagi energiya ta’minoti bo‘lgan energiya resurslaridan foydalanish hajmi yildan-yilga oshib borishi tabiiy. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda tarkib topgan amaliyot shuni ko‘rsatadiki, uglevodorod xomashyosining tanqisligi va narxlarining barqaror emasligi bois butun dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda ham so‘nggi vaqtlarda mazkur yo‘nalishda amaliy ishlarga kirishish maqsadida qator chora-tadbirlar olib borilmoqda. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, deputatlar iqtisodiyoti va sanoati jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan O‘zbekistonda ham ushbu sohaning rivoji uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladigan qonunning yaratilishini davrning o‘zi taqozo etayotganini alohida ta’kidladilar.

Qonun loyihasini ishlab chiqishdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizning barqaror rivojlanish vazifalarini amalga oshirish doirasida iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohalarda energiya samaradorligini hamda yoqilg‘i-energetika balansi diversifikatsiya darajasini oshirish, mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, aholi salomatligi uchun o‘ta xavfli sanalgan issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishdan iboratdir.
Qonun loyihasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlarini huquqiy tartibga solish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvining huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilgan.

Deputatlarning fikr-mulohazalariga ko‘ra, qonun loyihasining qabul qilinishi Harakatlar strategiyasida belgilanganidek 2017-2021 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish imkonini beradi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘zining saylovoldi dasturida innovatsion texnologiyalarni, xususan, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishni o‘z maqsadlaridan biri ekanini qayd etgan. Shuning uchun ham mazkur partiya fraksiyasi a’zolari masalaga o‘ta tanqidiy ruhda yondashib, talabchanlik ko‘rsatdilar va loyiha ustida jiddiy ish olib borish zarurligini uqtirdilar. Boshqa partiya fraksiyalari bildirgan takliflardan farqli o‘laroq, loyihaning konseptual maqsadlarini saqlab qolgan holda, uning qator norma va qoidalarini keng mutaxassislar ishtirokida maromiga yetkazib, ikkinchi o‘qishga kiritish lozimligini qayd etdilar.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ushbu loyiha ustida ish olib borish barobarida qonun qabul qilingach, yuzaga keladigan vazifa va muammolar xususida ham ilmiy asoslangan izlanishlarni boshlab yuborishga e’tiborni qaratdilar. Fraksiya a’zolarining fikricha, qayta tiklanadigan energiya manbalarini qurish uchun texnologiya va asbob-uskunalarni dastlabki yillarda xorijdan keltirishga zarurat tug‘iladi. Tobora kamayib borayotgan tabiiy boyliklarni saqlab qolib, energiyalar, jumladan, quyosh energiyasi insoniyat izmiga solinsa-da, innovatsiyalarning barchasi yakuniy hosila – energiya uchun aholi to‘lashi kerak bo‘lgan tannarx oshib ketmasligini hozirdanoq chuqur ilmiy asosda o‘rganib chiqishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan loyihani keyingi o‘qishlarda muhokama qilgunga qadar uning tashabbuskorlari deputatlarga mazkur masalada asosli tushuntirish berishi zarurligi ta’kidlandi.

Siyosiy partiyalar fraksiyalarining qizg‘in bahs-munozalaridan so‘ng har ikki qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi va mas’ul qo‘mitalarga muhokamalar chog‘ida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olgan holda, ikkinchi o‘qishga tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 
 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati