Navbahor Imomova: “Shu diyor farzandiman!” (davomi)

Bugungi kunda ko‘plab ommaviy axborot vositalari qatori “Amerika ovozi” ham O‘zbekistondagi jarayonlarni yaqindan kuzatishni istaydi.

O‘zbekiston siyosati, farmonlar va ularning amaliyotini muntazam tahlil qilib, keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilganmiz. Shu bois ham O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan hamkorlik qilib, unga jiddiy manba sifatida qaraymiz.

“Amerika ovozi” va O‘zA bu borada memorandum imzolash arafasida. Bu majburiyat emas, balki o‘zaro xohishga asoslangan katta qadamdir.

O‘zA jurnalistlari olg‘a surgan tashabbusni “Amerika ovozi” jurnalistlari olqishladi va birga mana shu Memorandumni ishlab chiqdik. Har ikki hukumat ham bundan, albatta, mamnun. Memorandum imzolangach e’lon qilinadi. Unda qator maqsadlar ko‘zda tutilgan.

Birinchidan, informatsiya almashinuvi. Ikkinchidan, trening va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu oson ish emas, mablag‘ va imkoniyat talab qiladi. Albatta, buni moddiy imkoniyatimiz, qurbimizga qarab yo‘lga qo‘yamiz.

Muhimi, O‘zbekiston haqidagi eng ishonchli, tasdiqlangan ma’lumotlarni mana shu axborot agentligidan so‘rashimiz mumkin. Masalan, investitsion muhit qiziq. O‘z o‘rnida, AQSHdagi qishloq xo‘jaligi yoki xususiy sektordagi o‘zgarishlar, ishsizlikka qarshi kurash, vatandoshlar hayoti haqida yoritmoqchi bo‘lishsa, O‘zA bizga murojaat qilishlari mumkin. Biz mana shunday kelishuvlar asosida bir-birimizni qiziqtirgan mavzularda muntazam ravishda materiallar almashib boramiz. Xususan, O‘zbekistondagi islohotlarni tahlil qilishda O‘zAga tayanishni istaymiz. Agentlik bizdan Qo‘shma Shtatlar xususida axborot olishi mumkin.

Natijada professional munosabatlar shakllanadi, jurnalistlar bir-birini taniydi, treninglarni yo‘lga qo‘yish orqali tajribalar almashiladi. “Amerika ovozi” o‘zbek xizmati va O‘zA o‘ziga ishongan jurnalistlarga ega. Shu bois mana shunday ishlar boshlanyapti. O‘zA uchun ham bu katta sinov. Biz uchun ham shunday. Agentlik kuchaysa, sheriklar ko‘payadi, talab oshadi.

Akkreditatsiya nima? “Amerika ovozi” va menga O‘zbekiston ochildi. Bu degani biz endi mamlakatdan axborot yig‘ib, uni uzata olamiz. Toshkentda byuro ochayotganimiz yo‘q. Men vaqti vaqti bilan kelib turaman. “Amerika ovozi” 45 tilda efirga chiqadi. O‘zbek xizmati 1973 yildan beri muntazam faoliyat yuritib keladi. Biz uchun global o‘zbek ahli -auditoriya. Afg‘onistondan tortib qo‘shni davlatlargacha, Yevropadan tortib Shimoliy Amerikagacha – qayerda o‘zbek bo‘lsa, o‘zbek tilidagi informatsiyaga talab bo‘lsa, biz mana shu talabni qondirishga harakat qilamiz.

Biz uchun O‘zbekistondagi katta umumiy manzara juda ham qiziq. Xo‘sh, bugungi O‘zbekiston qanday? Uni qanday masalalar qiynayapti? Bu masalalarga qarshi kurash qanday kechayapti? Islohotlar jarayoni qay darajada? Qo‘shnilar bilan aloqalar qanday? O‘zbekistondagi turli tizimlarda qanday o‘zgarishlar ro‘y bermoqda? Xalq hukumatdan qanchalik rozi? Hukumat qanday qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda? O‘zbekiston dunyodan nima istaydi? Dunyo O‘zbekistondan nima istaydi? Mana shunday katta va murakkab savollarga javob izlaymiz va O‘zbekistondan turib ham efirga chiqish niyatidamiz.

 

Ozoda Bekmurodova tayyorladi. O‘zA