Toshkent shahrida 29-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlarining ikki tomonlama maslahatlashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir 2017-yil 25-avgust kuni Ostona shahrida o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlarining maslahatlashuvlari yakuni bo‘yicha imzolangan bayonnoma ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Unda Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining yordamchisi – Xavfsizlik kengashi kotibi N.Yermekbayev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Uchrashuvda mintaqada xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishga erishishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini bermoqda. Mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasida aloqalar faollashgani xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz mintaqa xavfsizligiga tahdid soluvchi terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Ikki mamlakat huquq-tartibot organlarining muloqotlari muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. 2017-yil avgust oyida Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vazirining mamlakatimizga tashrifi, joriy yil yanvar oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan harbiy-texnik sohada hamkorlik bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi fikrimiz tasdig‘idir.

Hozirgi kunda mamlakatlarimiz davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish kabi ustuvor vazifalar ijrosi izchillik bilan olib borilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida demarkatsiya masalalari bo‘yicha ishchi guruhining uchta yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mintaqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston transchegaraviy daryolar va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida doimiy maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘ygan.

Xavfsizlik kengashlarining maslahatlashuv uchrashuvi tinchlik yo‘lidagi hamkorlikni mustahkamlashga imkon bermoqda. O‘tgan qisqa davrda maslahatlashuvlarning bunday mexanizmi o‘zining dolzarbligini isbotladi va o‘zaro munosabatlardagi muhim masalalarga yechim topishning samarali platformasi sifatida ahamiyatini namoyon etdi.

Uchinchi bor tashkil etilgan maslahatlashuvda Afg‘onistondagi vaziyat, Markaziy Osiyo mintaqasida mavjud holat va sharoitlar tahlil qilindi. Harbiy-texnik, qo‘shinlarning birgalikdagi jangovar tayyorgarligini oshirib borish, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda idoralararo munosabatlarni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi. Bojxona, fuqarolik aviatsiyasiga qarshi qaratilgan noqonuniy aralashuv usullari va vositalari, xalqaro-huquqiy bazani takomillashtirishda hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro faoliyatni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqotda, shuningdek, 2017-2018-yillarda xavfsizlik sohasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosini izchil amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. 2017-yil 16-sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Resspublikasi hukumatlari tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegaralarida qurilishi taklif etilgan avtomobil yo‘llari va maydonlari, o‘tkazish punktlarini qayta ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosining dastlabki yakunlari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, ushbu sohalarda qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlarining ikki tomonlama maslahatlashuvlari yakuni bo‘yicha bayonnoma imzolandi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining yordamchisi – Xavfsizlik kengashi kotibi N.Yermekbayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i B.Matlyubov bilan ham uchrashdi.

Muloqotda terrorizm, ekstremizmga qarshi kurashish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Mehmonlarga jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Qozog‘iston delegatsiyasi shu kuni Samarqand shahrida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Mehmonlarga Buyuk Yo‘lboshchimiz mangu qo‘nim topgan Hazrati Xizr majmuasida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida so‘zlab berildi.

 

Ulug‘bek SHONAZAROV, O‘zA