Tog‘ay Murod haqiqiy baxtni nimadan topgan edi?

O‘zbek xalqi azal-azaldan haqiqat uchun kurashib, o‘z qadr qimmati uchun keng maydonlarda goh ma’naviy usulda, goh jismoniy shaklda jang qilib kelgan. Ana shunday yuksak jarayonni boricha qog‘ozga tushirish baxti asl ijodkorgagina nasib etadi. 
Biz “baxt” so‘zini bejizga ishlatmadik, chunki voqelikni boricha qog‘ozga tushirish, adolat, haqiqat uchun badiiy adabiyot bo‘stonida kurashish hammaga ham nasib etavermaydi. Buning uchun haqiqat istovchi yurak va adolatga tik boquvchi oqil yuz kerak. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida 22-iyun kuni O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning tanlangan asarlari taqdimotida ham baxtli adibning ana shunday xislatlarga ega bo‘lganligi haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda adibning zahmatkash shogirdlari, u kishi bilan bir davrada suhbatdosh bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan kishilar, taniqli shoir, yozuvchi va adabiyotshunos olimlar, yosh tadqiqotchi hamda havaskor ijodkorlar ishtirok etishdi.
Taniqli adabiyotshunos olim Bahodir Karimov “O‘ziga xos xarakterga ega bo‘lmagan kishi, haqiqiy ijodkor bo‘la olmaydi”, dedi.
Ha, albatta, Tog‘ay Murod o‘ziga xos xarakterga ega inson bo‘lgan. Mansabga, shuhratga va molu dunyoga o‘ch bo‘lmagan. U haqiqiy baxtni adolatdan topgan adib. So‘zga juda xasis va hassos bo‘lgan. Shuning uchun u yozgan asarlarda boy badiiy salohiyat sezilib turadi. Shuningdek, adabiyotshunos Rahmon Qo‘chqorning Tog‘ay Murod haqida bildirgan so‘zlari yig‘ilganlarga juda manzur bo‘ldi. Shoir Shodmonqul Salomning adib hayotiga bag‘ishlangan she’ri yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Taniqli shoir va tarjimon Vafo Fayzulloh esa adib ijodining barhayotligini “e’tiqod va iste’dodni birga olib borganligida” deb baholadi. Adabiyotshunos Rahmon Qo‘chqor “Tog‘ay Murod asarlarida millat huquqi himoyasi bosh g‘oya qilib ko‘tarilgan. Shuning uchun uni barcha o‘qishi shart bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxatiga kiritmoq kerak”, degan taklifni bildirgan bo‘lsa, Musulmon Namoz adibning “Yulduzlar mangu yonadi” asari yuzasidan badiiy film tayyorlanishi kerak ekanligini va ayni damda bunga ehtiyoj borligini takidladi.
– Tog‘ay Murod tavalludining 70 yilligi munosabati bilan ko‘plab tadbirlar o‘tkazdik. Ammo ushbu to‘plam barcha tadbirlar qatorida savobli ish bo‘ldi, – deydi yosh tadqiqotchi jurnalist Farrux Jabborov. – Tadbir jarayonida keltirilgan takliflar, ustozlarning barcha fikrlari bugun Tog‘ay Murod xotirasi va uning ijodi borasida yig‘ilganlarda iliq taassurot qoldirgan bo‘lsa, biz oldimizga qo‘ygan maqsadga erishgan bo‘lamiz.
“Sharq” nashriyotida chop etilgan ushbu kitobda adibning to‘rt qissa va ikki romani bir jildda jamlangan. O‘ylaymizki, ushbu kitob o‘zbek xalqi tarixi va o‘z xalqining boy ma’naviy merosiga e’tiborsiz bo‘lmagan insonlar hamda adabiyot ixlosmandlariga manzur bo‘ladi.

 

Dilobar Mamatova, O‘zA