O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni hamda fond birjasini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijrosi yuzasidan Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda birjalar faoliyatini takomillashtirish, jumladan, fond bozorini rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Birjalar va fond bozorini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida bir qator qonunlar yangi tahrirda qabul qilindi.

Yig‘ilishda birjalarga oid qonunchilik va fond birjasini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, hanuzgacha moliya bozorini o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarda rivojlantirish konsepsiyasi talab darajasida ishlab chiqilmagan. Fond bozori likvidliligi nisbatan pastligicha, ikkilamchi bozor esa o‘ta passivligicha qolmoqda.

Natijada aholi va boshqa bozor qatnashchilarining fond bozori amaliyotlariga bo‘lgan ishonchi ortmayapti. Iqtisodiyotning real sektori va fond bozori o‘rtasida uzilish mavjud. Korxonalar tomonidan investitsion mablag‘lar jalb qilinishida fond bozori instrumentlaridan foydalanish yetarli darajada emas.

Majlisda muhokama etilgan masalalar yuzasidan Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

 

Inobat Ahatova, O‘zA