Joriy yilning 9-10-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi cammiti bo‘lib o‘tadi. 29-may kuni Toshkentda ushbu yirik tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonalari hamda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Shanxay hamkorlik tashkilotining nufuzi tobora yuksalayotgani, a’zo davlatlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalari rivojlanib, terrorizm, diniy ekstremizm, ayirmachilik, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi hamkorligi mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.

XXRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim Sindao cammitiga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin raislik qilishi, oliy darajadagi uchrashuvga ShHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari taklif etilganini ta’kidlab, unda ShHTning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, har tomonlama hamkorlik, qator xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilayotganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sindao sammiti doirasida XXR Raisi Si Szinpinning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ikki tomonlama uchrashuvi rejalashtirilmoqda. Sammit yakunida Sindao deklaratsiyasi, xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlik bo‘yicha yigirmaga yaqin hujjat imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari A.Abduvohidov XXR ShHTga raislik doirasida samarali va muvaffaqiyatli ish yuritgani, so‘nggi bir yilda a’zo davlatlarning turli vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirokida yuzdan ziyod tadbir tashkil etilgani, O‘zbekiston vakillari ularning barchasida faol qatnashganini ta’kidladi. O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi sammitga tayyorgarlik bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etishda XXR hamda ShHTga a’zo boshqa davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari vakillari bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Tadbirda navbatdagi cammit ShHTni rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab olish, qator sohalardagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

 

O‘zA