Uchqo‘rg‘on tekstil mahsulotlari dovrug‘i dunyoga taraladi

Prezidentimiz Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Uztex Uchkurgan” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

O‘tgan yil noyabr oyida Uztex guruhi tarkibida zamonaviy tipdagi to‘qimachilik majmuasi faoliyat boshlagan edi. Natijada bu yerda 1 ming 600 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi. Korxona yiliga 12 ming tonna kalava-ip va 3 million dona tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan paxtani 100 foiz qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona endi to‘liq klaster usuliga o‘tadi.

Prezidentimizga korxona faoliyatini kengaytirish va klaster tizimida amalga oshiriladigan loyihalar taqdim etildi. Hozirgi kunda korxonaga yondosh hududda paxtani yuqori texnologiyalar asosida qayta ishlashga mo‘ljallangan hamda poliefir aralashgan paxta tolasi, momiq mato va tayyor tekstil ishlab chiqariladigan qo‘shimcha quvvatlar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda. Muhimi, yana ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Qariyb olti oy davomida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalarning har biri 70 million dollar hajmiga teng. Texnologik jarayonlarga Yevropa davlatlaridan keltiriladigan uskunalar jalb etiladi. Bu mahalliy paxta xomashyosini qayta ishlash sifatini va eksport ko‘lamini oshirishga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Davlatimiz rahbari korxona ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, paxta to‘qimachilik klasterini tashkil etish borasidagi ishlar bilan qiziqdi.

Bu yil tuman hududidagi 10 ming gektarga yaqin yer maydoni klaster usulida paxta yetishtirishga ajratildi. Fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar tuzilib, yerga chigit qadaldi. “Tekstil finans Namangan” korxonasi tomonidan xorijdan ekish texnikalari, kultivatorlar, traktorlar, paxta terish va uni qadoqlash kombayni sotib olindi. Paxta maydonlariga mineral o‘g‘itlar yetkazib berildi.

Prezidentimiz korxona mutasaddilariga paxtaga suniy tolani aralashtirib, mahsulot hajmi va ish joyini, pirovardida byudjetga soliq tushumini ko‘paytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, aylanma mablag‘larni oshirish hisobiga tumandagi kam ta’minlangan oilalarga tuxum va tovuqni lizingga berish kerakligini ta’kidladi.

– Kam ta’minlangan oilalarga ko‘mak berish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish “Uztex Uchkurgan” korxonasining brendiga aylanishi lozim, –dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu orqali aholining muhtoj qatlamini ishlashga, yashashga o‘rgatamiz, hayotga bo‘lgan umidini oshiramiz.

Tumanda klaster tizimida chigit ekishdan to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni sifatli tashkil etish, 2 ta yangi bog‘cha qurish, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarini barpo etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

2.jpg
3.jpg
4.jpg
5.jpg
6.jpg
7.jpg
8.jpg

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA