“Poytaxt” biznes markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekistonda bolalarni poliomiyelitdan himoya qilish uchun yangi vaksinani qo‘llashga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, soha mutaxassislari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMTning “YUNISЕF” xalqaro tashkiloti vakillariishtirok etgan tadbirda respublikamizda aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi ta’minlanib kelinayotgani aytib o‘tildi.

– O‘zbekiston 2002-yilda poliomiyelitdan xoli hudud maqomiga erishgan bo‘lsa-da, milliy immunizatsiya kalendariga yangi vaksinaning kiritilishi mazkur kasallikning qaytadan paydo bo‘lishi va tarqalishining oldini olish va hech bir bola falaj bo‘lmasligini ta’minlash tomon qo‘yilgan muhim qadamdir, – deydi tadbirda so‘z olgan YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman. –Biz Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur vaksinaning ta’minotini yo‘lga qo‘yganligidan va ota-onalarni o‘z farzandlarini immunizatsiya kalendariga asosan emlatishga chorlayotganidan mamnunmiz.

Poliomiyelitga qarshi milliy emlash kunlari davomida xavfsiz emlashni tashkil etish va o‘tkazish maqsadida kasallikning klinikasi, davolash, profilaktikasi mavzusida respublikamizning barcha hududlarida tibbiyot xodimlari uchun seminarlar o‘tkaziladi.

– Respublika bo‘yicha emlash brigadalari va emlash punktlari tashkil etilgan. Milliy emlash kunlarini o‘tkazishda maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilgan 12 mingdan ortiq tibbiyot xodimi, jumladan, 5 mingdan ortiq vrach, 7 mingdan ortiq emlash va patronaj hamshirasi, maktabgacha ta’lim-tarbiya muassasalari hamda Mehribonlik uylari xodimlari ishtirok etadi, – deydi Toshkent viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mas’ul xodimi Nasiba Toyirova.

Mazkur vaksinaning xavfsizligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus sertifikati bilan kafolatlangan bo‘lib, emlash inyeksiya yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ota-onalar to‘rt oylikkacha bo‘lgan farzandlarini o‘zlari yashayotgan hududdagi tibbiyot muassasalariga olib chiqib, emlatishlari kerak.

Anjuman qatnashchilari poytaxtimizdagi poliklinikalardan birida mazkur vaksina qo‘llanilgan ilk emlash amaliyotiga guvoh bo‘lishdi.

 

Inobat Ahatova, O‘zA