Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Tarixning noma’lum sahifalari”, “O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Muxtoriyatning o‘rni va roli”, “G‘ozi Yunus”, “O‘zbekistonda sovet davrida amalga oshirilgan siyosiy kompaniyalar” va boshqa kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda shoir-yozuvchilar, adabiyotshunos va san’atshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda mazkur kitoblarning yosh avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib etib tarbiyalashdagi roli hamda bugungi baxtiyor hayotimiz uchun jon fido qilganlar xotirasini abadiylashtirishdagi hissasi, mazmun-mohiyati xususida fikr bildirildi.

«Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi va “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi tomonidan tayyorlangan, ilmiy axborot va maqolalar, hujjat va materiallar, xotiralarni o‘z ichiga olgan “Tarixning noma’lum sahifalari” davriy to‘plamining 6- va 7- kitoblarida O‘zbekiston tarixining mustamlakachilik va mustabid tuzum davrida ro‘y bergan, ammo tarixchi olimlar tomonidan kam o‘rganilgan muhim masalalariga oid, shuningdek, o‘z taqdirida murakkab tarixiy davrning fojiali voqealarini ifodalagan shaxslar haqidagi xotiralar o‘rin olgan.

“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Muxtoriyatning o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari to‘plamiga Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinishi va siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy faoliyati, mahalliy aholining unga munosabati hamda Muxtoriyatning bostirilishi bilan bog‘liq ma’ruza matnlari kiritilgan.

“G‘ozi Yunus” kitobida XX asrning 20-yillari o‘zbek adabiyoti, san’ati va milliy matbuotimiz taraqqiyotiga samarali ta’sir ko‘rsatgan dramaturg, shoir, adabiyotshunos, teatr tanqidchisi, “Mushtum”, “Zarafshon” nashrlarining tashkilotchisi G‘ozi Yunus hayoti va ijodi haqida hikoya qilinadi.

“O‘zbekistonda sovet davrida amalga oshirilgan siyosiy kompaniyalar” to‘plamiga o‘sha davrdagi kompaniyalar, ularning oqibatlari bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish va yuzaga chiqarishga qaratilgan ma’ruza matnlari kiritilgan bo‘lib, u O‘zbekiston tarixining o‘ta murakkab va ziddiyatli davri tarixi bilan qiziquvchi tarixchi, siyosatshunos, adabiyotshunos, faylasuf va boshqa soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan va olib borilayotgan ishlarni to‘ldiradi hamda shu davr tarixini to‘g‘ri yoritishga xizmat qiladi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA