“O‘zbekdavlatsirki” davlat muassasasi artistlarining Tojikiston Respublikasiga ijodiy safari bo‘lib o‘tmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligidan bildirishicha, 25 yildan so‘ng Tojikistonga tashrif buyurgan sirk ustalari mezbonlar tomonidan iliq kutib olindi.

O‘zbekiston va Tojikiston mamlakatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar va sirk sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Eko Aziya” nomi bilan tashkil etilgan mazkur dastur doirasida “O‘zbekdavlatsirki”ning artistlari mart oyining oxiriga qadar Tojikistonda ijodiy safarda bo‘ladi.

– O‘tgan yilning dekabr oyidan buyon tojikistonliklar va Dushanbe shahri mehmonlari Toshkent sirki ustalarining rang-barang chiqishlaridan bahramand bo‘lmoqda, – deydi sirkchilar guruhi rahbari Norniso Aliyeva. – Har kuni ikki martadan namoyish etilayotgan tomoshalarga bolalaru kattalar tashrif buyurmoqda. Dorbozlar, janglyorlar, gimnastikachilarning chiqishlari, o‘rgatilgan jonivorlar ishtirokidagi tomoshalar barchaga birdek manzur bo‘lmoqda.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA