O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish maqsadida:

1. Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazining ular muassisligidagi nodavlat notijorat tashkiloti – “Vatandoshlar” jamoat fondini (keyingi o‘rinlarda – Fond) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Fond faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:

xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;

xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari, vatandoshlar istiqomat qilayotgan mamlakatlarning qonunlari va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga ko‘maklashish;

xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni belgilangan tartibda moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga axborot jihatidan va huquqiy yordam ko‘rsatish;

xorijda o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash;

xorijda yurtimizning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, vatandoshlarga madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda ko‘maklashish;

vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalari faoliyatini rag‘batlantirish, ularga xorijda o‘zbek milliy madaniy markazlarini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish;

xorijiy davlatlarning ta’lim o‘zbek tilida olib borilayotgan muassasalarida pedagog kadrlarga bo‘lgan mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, xorijda istiqomat qilayotgan iqtidorli vatandoshlarimizning respublika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishlariga ko‘mak ko‘rsatish;

rivojlangan xorijiy davlatlarda yashab kelayotgan olim va ijodkor vatandoshlarimizning yurtimiz nufuzini oshirishga qaratilgan ilmiy, ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash;

xorijda vatandoshlar tomonidan tashkil etiladigan nufuzli tadbirlarda mamlakatimizning taniqli yozuvchi va shoirlari, fan arboblari, diniy ulamolari, madaniyat va san’at vakillari, sportchilari ishtirokini ta’minlashda ko‘maklashish;

xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni O‘zbekiston hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish;

xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid ma’lumotlar bilan ta’minlashga qaratilgan interfaol elektron portalni yuritish;

xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar duch kelayotgan muammolarni tizimli asosda tahlil qilib borish va ularning yechimi yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish;

migratsiya va ta’lim sohalarida shartnomaviy-huquqiy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va tegishli davlat organlariga kiritib borish;

Fond Ustaviga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshirish.

3. Quyidagilar:

“Vatandoshlar” jamoat fondining vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda – Fondning Vasiylik kengashi) – Fondning oliy organi; 

Vasiylik kengashi tomonidan shakllantiriladigan Fond Boshqaruvi – Fondning ijro organi hisoblanishi inobatga olinsin.

4. “Vatandoshlar” jamoat fondining vasiylik kengashi tarkibi ilovaga muvofiq ma’qullansin.

5. Fondning Vasiylik kengashiga:

bir oy muddatda Fondning Ustavi, tashkiliy tuzilmasi va Fond Boshqaruvi a’zolarini tasdiqlash, shuningdek, Fond Boshqaruvini malakali kadrlar bilan to‘ldirish;

har yili Fond mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlarini, daromad va xarajatlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni tasdiqlash;

Fond zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun manfaatdor davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, homiylarni jalb etish tavsiya etilsin.

6. Quyidagilar Fond mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

davlat subsidiyasi va davlat ijtimoiy buyurtmalaridan kelib tushadigan mablag‘lar;

muassislar tomonidan ajratiladigan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

yuridik va jismoniy shaxslar, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning grantlari;

Fond mablag‘larini tijorat banklarida depozitga qo‘yishdan olinadigan daromadlar;

Fondning tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar (foyda);

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga har yili asoslangan buyurtmanoma asosida Fondning asosiy vazifalarini bajarish doirasidagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishni moliyalashtirish uchun subsidiya shaklida zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

8. Fondni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan dastlabki mablag‘ sifatida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 5 milliard so‘m miqdorda mablag‘ ajratilsin.

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan mablag‘:

bir oy muddatda Moliya vazirligi tomonidan muassislardan biri sifatida o‘z nomidan Fondga o‘tkaziladi;

Fond joylashtiriladigan xizmat xonalarini ta’mirlash, ularning zarur texnika bilan jihozlanishi, avtotransport vositalari, ofis anjomlari, mebel va aloqa vositalari bilan ta’minlanishi, shu jumladan keng polosali Internet jahon axborot tarmog‘iga ulanishi, shuningdek, tijorat banklari depozitlariga mablag‘ qo‘yib, daromad olish uchun sarflanadi.

9. Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish shartlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tenglashtirilsin.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda mazkur bandni amalga oshirish maqsadida qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari Sh.Sh. Minovarov va A.A. Abduvaxitov – Fondning faoliyatini samarali tashkil etish, ushbu masalada barcha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishda;

Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti (M.A. Xayriddinov) – Fondning xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalarini amalga oshirishda;

Tashqi ishlar vazirligi (F.N. Arziyev) – O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari orqali Fondning xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uzviy hamkorligini yo‘lga qo‘yish hamda xorijdagi tadbirlarni tashkil etishda;

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi (R.J. Kurbanov) – Fondning vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan o‘zbek milliy madaniy markazlari va jamiyatlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda;

Xalq ta’limi vazirligi (Sh.X.Shermatov) – Fond mablag‘lari hisobidan xorijda o‘zbek tilida ta’lim olib boriladigan maktab o‘quvchilarini darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash, pedagog xodimlar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda maktablarni qurish, ta’mirlash va jihozlashda;

Madaniyat vazirligi (O.A. Nazabekov), Badiiy akademiya (A.V. Nuriddinov), Yozuvchilar uyushmasi (S.S. Saidov) – xorijda vatandoshlar bilan birgalikda o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda hamda ularda madaniyat va san’at vakillari, taniqli yozuvchi va shoirlarning ishtirok etishini Fond mablag‘lari hisobidan ta’minlashda;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiviloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariInvestitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (B.N. Abidov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.X. Toshkulov) – Fond tomonidan respublika hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb qilingan vatandoshlarga tegishli loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatsin.

11. Tashqi ishlar vazirligi boshqa muassislar va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Fondning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.

12. Fondning Vasiylik kengashiga ikki oy muddatda Fondning 2021 yilga mo‘ljallangan faoliyat дастурини ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.

13. Fond Tashqi ishlar vazirligi binosiga vaqtinchalik tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin.

14. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Fondning murojaatiga asosan, uni telekommunikatsiya xizmatlari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda ta’minlasin.

15. Tashqi ishlar vazirligi boshqa muassislar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar qilib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.A.Xayriddinov va tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari F.N.Arziyev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari Sh.Sh. Minovarov va A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                             Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri

11 avgust.