O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizni, shu jumladan, milliy askiya va qiziqchilik san’atini asrab-avaylash, keng targ‘ib etish va kelgusi avlod uchun nomoddiy madaniy meros sifatida yetkazish maqsadida:
1. Marg‘ilon shahrida Madaniyat va turizm vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etilsin.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
askiya va qiziqchilik ijrochiligi yo‘nalishida “ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, madaniyat va ta’lim muassasalarida askiya va qiziqchilik san’ati to‘garaklarini tashkil etish;
o‘zbek xalq og‘zaki ijodining askiya va qiziqchilik san’atini saqlash va targ‘ib etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, bu borada, ijodkorlar, folklorshunos olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
askiya va qiziqchilik bilan shug‘ullanuvchi ijodkorlarga har tomonlama ko‘maklashish, ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda ularning faol ishtirokini ta’minlash, mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda gastrol faoliyatini amalga oshirish, festival, ko‘rik-tanlov, ijodiy kechalar, askiya va qiziqchilik tomoshalarini tashkil etish;
askiya va qiziqchilik san’atining payrov, qofiya, bahri-bayt, afsona, radif, aytishuv, rabbiya kabi noyob shakllarini asrash va targ‘ib etish, sahnaviy syujetlarini rivojlantirish hamda iste’dodli so‘z ustalarining ijod fondini va maxsus adabiyotlarni yaratish.
2. Quyidagilar:
har yili so‘z ustalari va qiziqchilar o‘rtasida “Xush kayfiyat” respublika ko‘rik-tanlovi hamda askiya kechalari;
askiya va milliy qiziqchilik san’atimizni jahon miqyosida targ‘ib qilish maqsadida har ikki yilda bir marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivali;
har yili askiya va qiziqchilar jamoalarining mahalliy gastrol safarlari;
respublikadagi madaniyat markazlari, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim tashkilotlarida askiya va qiziqchilik san’ati to‘garaklari va ijodiy jamoalari hamda ularning jamoatchilik uchun har yili hisobot konsertlari tashkil etilsin.
3. Askiya va qiziqchilik san’ati bilan shug‘ullanuvchi ijodiy jamoalar va yozuvchi-dramaturglar tomonidan birgalikda yaratilgan hajviy asarlarni sahnalashtirish, ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borish va aholiga xush kayfiyat ulashishga qaratilgan konsert-tomosha tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
har yili kamida 3 ta ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini tanlovlar asosida shakllantirish;
har yili kamida 5 ta sahnada namoyish etishga mo‘ljallangan hajviy asar uchun davlat buyurtmasini berish;
ijodiy tanlov asosida erkin ijodkor va jamoalar tomonidan har yili kamida 10 ta konsert-tomosha tadbiri va askiya kechalariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish;
har yili kamida 25 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish uchun davlat buyurtmasini berish, bunda eng keng ommalashgan 5 ta audiovizual asar ijodkorlarini Madaniyat va turizm vazirligi hay’atining qarori bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash belgilansin.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshisida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan, uchinchi – beshinchi xatboshilarida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Madaniyat va turizm vazirligiga ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
4. Quyidagilar:
Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazining Vasiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Askiya va qiziqchilik san’ati sohasidagi taniqli ijodkorlar tomonidan tashkil etilayotgan mahorat maktablari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;
Askiya va qiziqchilar jamoalarining 2023–2024 yillarga mo‘ljallangan mahalliy gastrol safarlari rejasi 3-ilovaga muvofiq;
Askiya va qiziqchilar jamoalarining 2023–2024 yillarga mo‘ljallangan korxona va tashkilotlarga gastrol safarlarini tashkil etish rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Respublikada askiya va qiziqchilik san’atini rivojlantirish va ilmiy-o‘rganish hamda targ‘ib etishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2023–2024 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marotaba byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan o‘z xodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishlari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, konsert, sirk va teatrlarga, askiya, qiziqchilik va so‘z san’ati tomoshalariga kirish uchun chipta va abonementlarni xarid qilish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.Ortiqov), xo‘jalik jamiyatlari muassisi bo‘lgan boshqa davlat organlari bir oy muddatda ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat korxonalarining boshqaruv organlari yig‘ilishlarida ushbu tashkilotlar buyurtmasi asosida xodimlar va ularning oila a’zolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish vazifasini biznes-rejaga kiritish bo‘yicha tashabbus bilan chiqsin.
Madaniyat va turizm vazirligi (O.Nazarbekov) har oyning 25-sanasiga qadar kelgusi oyda tashkil etiladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha, shu jumladan, askiya va qiziqchilik tomoshalari haqida davlat boshqaruvi organlari, muassasalari, korxonalari va xo‘jalik jamiyatlarini xabardor qilib borsin.
6. Belgilansinki:
askiya va qiziqchilik san’ati sohasida taniqli ijodkorlarning mahorat maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
ushbu qarorda belgilangan tartibda o‘zining mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi;
mahorat maktablariga ular faoliyat yuritadigan muassasaning ob’ektlaridan tekin foydalanish huquqi berilib, ularga ushbu muassasa tomonidan alohida xona ajratiladi va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
7. Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ijodkorlari ijtimoiy sharoitini yaxshilash maqsadida:
Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan Markazni saqlash va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mahalliy byudjetdan 2023 yilda 2,3 milliard so‘m, 2024 yildan boshlab esa Markaz talabnomasi asosida zarur mablag‘lar ajratiladi;
“O‘zbektelekom” AKning doimiy ravishda homiylik yordami ko‘rsatishni nazarda tutuvchi “Do‘stlar klubi”ni tashkil etish hamda 2023 yil uchun 5 milliard so‘m homiylik xayriyasi hamda kelgusi yillarda ham homiylik xayriyalari ajratib borish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
Markaz Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahri, Mustaqillik ko‘chasi, 470 a-uy manzilida joylashgan Marg‘ilon madaniyat markazi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
8. Madaniyat va turizm vazirligi (O. Nazarbekov):
a) ikki oy muddatda:
Markaz ustavi va tuzilmasini tasdiqlasin hamda uning samarali faoliyat olib borishini yo‘lga qo‘ysin, shuningdek, davlat madaniyat tashkilotlari shtat birliklarining sonini maqbullashtirish hisobiga Markazga 12 ta shtat birligi ajratilishini ta’minlasin;
ijodiy jamoalar va yozuvchi-dramaturglar tomonidan birgalikda yaratilgan hajviy asarlarni sahnalashtirish uchun davlat buyurtmalarini berish hamda ushbu qarorning 6-bandida nazarda tutilgan mahorat maktablari faoliyati natijadorligini baholash tartiblarini tasdiqlasin;
b) Fanlar akademiyasi (B.Yuldashev), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.Xojimatov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazib borsin.
Bunda, ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar Madaniyat va turizm vazirligiga ajratilgan Davlat byudjeti hamda tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan teng ulushda qoplanadi;
v) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (H.Umarova) hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov) bilan birgalikda:
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji hamda Farg‘ona ixtisoslashtirilgan san’at maktabida “askiya va qiziqchilik san’ati” yo‘nalishi ochilishini tashkil qilsin, shuningdek, ularni ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori malakali pedagog kadrlar bilan to‘ldirishni ta’minlasin;
“askiya va qiziqchilik san’ati” yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
g) O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda askiya va qiziqchilik san’atiga doir tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari alohida ishlab chiqilgan media-reja asosida muntazam tashkil etilishini ta’minlasin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib madaniyat va turizm vaziri O.A.Nazarbekov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 11 iyul