O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish, sport maydonchalari tozaligini saqlash va atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5282-son hamda 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–201-son qarorlariga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 apreldagi PQ–201-son qarori bilan tasdiqlangan Mahallalarda yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining 5-bandida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda hududida sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahalla terma jamoalari uchun universal, stritbol va vorkaut sport maydonchalarini (keyingi o‘rinlarda – sport maydonchalari) qurish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda hududida sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahalla terma jamoalari uchun 5 000 ta sport maydonchalarini 2030 yilga qadar tashkil qilishning umumiy parametrlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) 2024 yildan boshlab har yili sport maydonchalarini tashkil qilish uchun qo‘shimcha talab etiladigan mablag‘larning Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.
3. Belgilansinki:
a) sport maydonchalarini qurish “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarining respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda hududida sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahallalarda (keyingi o‘rinlarda – sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahallalar) amalga oshiriladi;
b) sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahallalarda sport maydonchalarini qurish ishlarini amalga oshirish doirasida:
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti – buyurtmachi;
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 13-son Jazoni ijro etish muassasasi – bosh pudratchi hisoblanadi.
Bunda, ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish bilan bog‘liq xarajatlar Yoshlar siyosati va sport vazirligining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) Yoshlar siyosati va sport vazirligi har yili:
1 yanvarga qadar sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahallalar ro‘yxatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga sport maydonchalarini qurish maqsadida tegishli yer uchastkasini belgilangan tartibda ajratish uchun taqdim etadi;
1 martga qadar sport maydonchalari qurilishi lozim bo‘lgan sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahallalarning manzilli ro‘yxatini tasdiqlaydi va buyurtmachiga yuboradi;
1 aprelga qadar sport maydonchalarining qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha buyurtmachi bilan shartnoma tuzadi hamda uni G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Bunda, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan buyurtmachiga buyurtma qilingan sport maydonchalari qiymatiga teng mablag‘ to‘liq o‘tkazib beriladi. Buyurtmachi tomonidan tizimidagi tashkilotlarga ishlab chiqariladigan inventarlar uchun 100 foiz mablag‘lar oldindan to‘lab beriladi;
b) buyurtmachi har yili:
1 martga qadar sport maydonchalarining namunaviy loyihasini Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan kelishadi, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi hamda ularning tegishli ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
1 aprelga qadar Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida moliyalashtirish hajmlarini ko‘rsatgan holda manzilli dasturni ishlab chiqadi va vazirlik bilan kelishilgan holda uni tasdiqlaydi;
15 aprelga qadar bosh pudratchi bilan pudrat shartnomasini tuzadi hamda sport maydonchalarini qurish ishlarini amalga oshiradi;
Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda qurib bitkazilgan sport maydonchalarining mahallalarda qurib bitkazilgan sport maydonchalarini qabul qilish bo‘yicha hududiy qabul qilish komissiyalariga (keyingi o‘rinlarda – hududiy qabul komissiyalari) belgilangan tartibda topshirilishini ta’minlaydi;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
ushbu bandning “a” kichik bandi ikkinchi xatboshisiga muvofiq sport maydonchalarini qurish uchun bir oy muddatda belgilangan tartibda yer uchastkalari ajratilishini ta’minlaydi;
qurilgan sport maydonchalari tegishli hududiy qabul komissiyalari tomonidan belgilangan tartibda qabul qilib olinishi hamda ulardan samarali foydalanilishini nazorat qiladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5282-son qarori bilan:
2021–2025 yillarda hududlarda badminton, stritbol va “Workout” sport turlari uchun 1 164 ta sport maydonchalariни tashkil etish parametrlari tasdiqlanganligi;
ushbu parametrlar doirasida 2023 yilda jami 255 ta sport maydonchalari qurilishi nazarda tutilganligi;
2021 yildan boshlab Davlat byudjetidan mazkur qaror bilan tasdiqlangan dastur va parametrlar to‘liq bajarilgunga qadar har yili 104 milliard so‘mdan mablag‘lar ajratilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
6. Belgilansinki, 2023 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5282-son qarori doirasida:
Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan zaruratga ko‘ra hududida sport maydonchalari barpo etiladigan mahallalar ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga taqdim etiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir oy muddatda ro‘yxatdagi mahallalarda sport maydonchalarini barpo etish uchun belgilangan tartibda tegishli yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi va bu haqda Yoshlar siyosati va sport vazirligini xabardor qiladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan tasdiqlangan manzilli dasturga asosan ikki hafta muddatda barpo etiladigan sport maydonchalarining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi hamda moliyalashtirish uchun Yoshlar siyosati va sport vazirligiga taqdim etiladi;
sport maydonchalarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish
va ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar bosh pudratchining boshqa xarajatlari hisobidan qoplanadi;
buyurtmachi va bosh pudratchi o‘rtasida sport maydonchalarini qurish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va tegishli xulosa taqdim etiladi;
Yoshlar siyosati va sport vazirligi moliyalashtiruvi asosida 2023 yil va undan keyingi yillarda olis va chekka hududlarda joylashgan mahallalar hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hududida qurilgan sport maydonchalari ular joylashgan hududiga qarab tegishliligi bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimiga o‘tkaziladi va saqlanadi. Bunda, sport maydonchalari boshqa davlat tashkilotlariga ham operativ boshqaruv huquqi asosida berilishi mumkin;
sport maydonchalarining joylashuv hududidan qat’i nazar (ta’lim tashkilotlari hududida darsdan tashqari vaqtlarda), barcha fuqarolar uchun foydalanish bepul bo‘ladi va vaqti chegaralanmaydi;
sport maydonchalaridan samarali va maqsadli foydalanilishini tashkil etish mahallalardagi yoshlar yetakchilari va profilaktika inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi;
mahallalarda barpo etilgan sport maydonchalari tozaligini saqlash, atrofini obodonlashtirish ishlarini bajarish uchun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bitta shtat birligi ajratiladi;
sport maydonchalaridan samarali foydalanish, ularning yaroqliligini ta’minlash va joriy ta’mirlash balansda saqlovchi tomonidan amalga oshiriladi.
7. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi:
mahallalardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga tegishli hududlarda sport maydonchalari qurilishini inobatga olsin va tegishli choralar ko‘rsin;
umumiy o‘rta ta’lim maktablari hududida qurilgan sport maydonchalaridan o‘quvchilar, shuningdek, darsdan tashqari va o‘quv jarayoniga xalaqit bermaydigan vaqtlarda mahalla aholisining bepul foydalanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududiy qabul komissiyalari tomonidan sport maydonchalari qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddatda ushbu ob’ektlar bo‘yicha davlat ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlab borsin.
9. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda barpo etilayotgan sport maydonchalarining atrofida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida sof ekologik muhit yaratish maqsadida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish hamda ob’ekt atrofini ko‘kalamzorlashtirish choralarini ko‘rsin.
10. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ushbu qarorda nazarda tutilgan sport maydonchalarini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazsin hamda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
11. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga hududlarda barpo etilgan sport maydonchalari hamda ularda tashkil etilayotgan ommaviy sport musobaqalarini ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borish tavsiya etilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov hamda ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K.Kuranbayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 28 iyul