O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha keng jamoatchilik bilan o‘tkazilgan muhokama natijalari ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. 2021 yil 15 avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:

o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda, mazkur toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun kvartiralar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ko‘chmas mulkning birlamchi bozoridagi shahar va tumanlarda qurilgan ko‘p kvartirali uy-joylardan xarid qilinadi;

tegishli tuman (shahar)da ko‘chmas mulk birlamchi bozorida mazkur bandda nazarda tutilgan mezonlarga mos keladigan kvartiralar mavjud bo‘lmaganda, hududiy “Xalqparvar” komissiyalari xulosasiga asosan kvartiralar ko‘chmas mulkning ikkilamchi bozoridan tegishli mezonlarga muvofiq holda xarid qilinadi;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joylar bilan ta’minlash “onlayn-navbat” tizimi asosida amalga oshiriladi, bunda mazkur navbatga o‘zgartirish kiritilishiga hamda navbatidan oldin keyingi navbatdagi bolalarga uy-joy ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

Xalq ta’limi vazirligi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joy bilan ta’minlanishi holati haqidagi har oyda yangilanadigan ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

a) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq ular 30 yoshga to‘lgunga qadar uy-joyni sotish, hadya qilish yoki garovga qo‘yish yoxud ijaraga berish hamda uy-joyda o‘zi va oila a’zolari (eri yoki xotini, farzandlari)dan tashqari boshqa fuqarolarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish huquqisiz ajratiladi.

Bunda, yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning asoslantirilgan murojaati asosida mahalliy hokimliklar tomonidan uy-joyning umumiy maydonini kengaytirish va mazkur bandda nazarda tutilgan talablarni saqlab qolish sharti bilan sotishga ruxsat beriladi;

b) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash jarayonida quyidagilar taqiqlanadi:

bitta ko‘p kvartirali uy-joyning har bir kirish yo‘lagidagi kvartiralarda bir nafardan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish;

ikki va undan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ko‘p kvartirali uy-joydan bitta kvartira ajratish (ular o‘rtasida nikoh tuzilgan hollar mustasno);

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun alohida ko‘p qavatli uy-joylar qurish va bu yerda ularning barchasini joylashtirish;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun yotoqxonalardan uy-joylar ajratish (xarid qilish);

v) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar kollej, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan davrida mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda kommunal xizmatlarning me’yoriy ko‘rsatkichlari bo‘yicha foydalanilgan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning ellik foizi tegishli tuman va shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Bunda, mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda foydalaniladigan kommunal xizmatlarning me’yoriy ko‘rsatkichlari tegishli tuman va shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.

3. Quyidagilar:

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joylar bilan ta’minlashni tashkil etish, uy-joylarning adolatli taqsimlanishi va o‘z vaqtida ajratilishini nazorat qilish bo‘yicha Respublika komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun uy-joy xarid qilishning maqsadli parametrlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Uy-joylarga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joy xarid qilish va qurish uchun:

2021 yilda talab etiladigan mablag‘larning 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti, qolgan qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari va boshqa mablag‘lar hisobidan ajratiladi;

2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida Moliya vazirligi uchun ajratilgan mablag‘lar tarkibida alohida satrda mablag‘lar rejalashtirilib, keyinchalik haqiqiy talabdan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga qayta taqsimlash orqali yo‘naltiriladi.

Bunda, ta’mirlash va jihozlash bilan bog‘liq xarajatlar tegishli tuman (shahar) mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi.

5. Respublika komissiyasi (A.Aripov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2021 yil 1 dekabrga qadar mazkur qaror doirasida uy-joyga muhtoj 757 nafar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda:

o‘n kun muddatda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar uchun mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi takliflarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritilishini;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ajratilgan uy-joylar yashash uchun barcha zarur sharoitlarga ega bo‘lgan (ta’mirlangan va jihozlangan) holda topshirilishini ta’minlasin.

7. Hisob palatasi (B.Turabov) va Bosh prokuratura (N.Yo‘ldoshev) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash uchun ajratiladigan mablag‘larning shakllanishi va maqsadli sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatsin.

8. Xalq ta’limi vazirligi (Sh.Shermatov) va Milliy gvardiya (R.Djurayev):

bir oy muddatda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning “onlayn-navbat” tizimini amaliyotga joriy etsin;

uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ro‘yxatining “onlayn-navbat” tizimiga kiritilishini va doimiy yangilanishini ta’minlasin;

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joyga muhtojligini “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanishini yo‘lga qo‘ysin.

9. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

10. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda joylashtiriladi;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi;

vazirlik va idoralar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan grafikka asosan bir yilda kamida bir marotaba barcha “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylari, shuningdek “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalarida (keyingi o‘rinlarda – o‘quv-tarbiya muassasalari) taqdimotlar o‘tkazadi. Bunda, mazkur taqdimotlar o‘tkazish metodikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi;

o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining nodavlat ta’lim tashkilotlarining xorijiy tillar, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtihon topshiriladigan 2 ta fan, oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, kompyuter savodxonligi va o‘zlarining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yo‘nalishlar bo‘yicha kurslarida o‘qish xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha miqdorda kompensatsiya qilinadi;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lovlari 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi.

11. Belgilansinki, oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) uchun ham tatbiq qilinadi, bunda ushbu qo‘shimcha kvotalarning oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha taqsimoti Xalq ta’limi vazirligi va Milliy gvardiya tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi (A.Aripov) 2021/2022 o‘quv yilida SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilariga, shuningdek, yigirma besh yoshgacha bo‘lgan vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga ushbu bandda nazarda tutilgan qo‘shimcha kvotalardan foydalanish imkoniyatini ta’minlasin.

12. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda bir oy muddatda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar)ni xarid qilish xarajatlarini qoplab berish tartibini tasdiqlasin.

13. Xalq ta’limi vazirligi (Sh.Shermatov) va Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bir oy muddatda o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibini tasdiqlasin.

14. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab o‘quv-tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ishga joylashtirish va ularning bandligini ta’minlashning quyidagi tartibi joriy etilsin:

a) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan:

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi shakllantirgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ro‘yxati asosida ularning yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida har yili amaliyot o‘tashi tashkil etiladi;

texnikum, kollej yoki oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirmagan hamda kasb egallash istagidagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning o‘z tizimidagi “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari va maskanlarida kasb-hunarga o‘qitilishi yo‘lga qo‘yiladi;

Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning bandligi bo‘yicha doimiy monitoring amalga oshiriladi;

b) “Har bir oila – tadbirkor” dasturida belgilangan mablag‘lar va tartiblar doirasida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ularning biznes loyihalarida ko‘zda tutilgan maqsadlarga kreditlar navbatga qo‘yilmagan holda ajratiladi;

v) o‘quv-tarbiya muassasalari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning turmushini yaxshilash, kasb-hunar va biznes bilan shug‘ullanish orqali daromad topish hamda ularga bunday faoliyatni yo‘lga qo‘yishning amaliy jihatlarini o‘rgatishga qaratilgan “kouching” video materiallar, motivatsion roliklar va darsliklar to‘plamlari bilan o‘quv-tarbiya muassasalari Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.

15. Belgilansinki, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, ularni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) olayotgan va tarbiya qilayotgan oilalarni moddiy, huquqiy va psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ota-onalarining yaqin qarindoshlariga ushbu bolalarni navbatsiz farzandlikka yoki oilaga tarbiyaga (patronatga) olish huquqi beriladi;

2021 yil 1 sentyabrdan keyin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tashabbusi bilan, yetim bolalar va ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni vasiylikka va homiylikka olgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan oilalarga ushbu bolalar 18 yoshga to‘lguniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida moddiy yordam puli to‘lash amaliyoti joriy etiladi;

2021 yil 1 sentyabrdan keyin nogironligi bo‘lgan bolalarni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan to‘lovlar bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorigacha yetkaziladi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida og‘ir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning respublikada yo‘lga qo‘yilmagan jarrohlik amaliyotlari bo‘yicha xorijiy davlatlardagi jarrohlik operatsiyalari bilan bog‘liq xarajatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan to‘liq miqdorda kompensatsiya qilinadi;

“Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalariga 2 ta psixolog shtat birligi ajratiladi;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda ularni farzandlikka yoki vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan fuqarolarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan bepul yuridik xizmat ko‘rsatiladi.

16. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) ikki oy muddatda:

a) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tomonidan to‘lanadigan davlat bojlari va mahalliy yig‘imlarga kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni belgilash yuzasidan takliflarni;

b) quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi bolalar akademik litsey va oliy ta’lim muassasalariga kirganda, ularning mazkur pensiyani olish huquqini akademik litsey va oliy ta’lim muassasalarida o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lgunga qadar saqlab qolish;

o‘quv-tarbiya muassasalariga yoki yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga moddiy yordam berish uchun tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xayriya yordami tarzida yo‘naltiriladigan mablag‘lar summasiga foyda solig‘ini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qaralishini belgilashni;

mazkur qarordan kelib chiqib, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni.

17. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mazkur qarorning mazmun-mohiyatini keng yoritish tavsiya etilsin.

18. Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Milliy gvardiya qo‘mondoni R.M.Djurayev, xalq ta’limi vaziri Sh.H.Shermatov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A.Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari D.M.Kenjayev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda axborot berib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                                        Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 9 avgust