O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–14-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatiningustuvor yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimi tashkilotlariniqayta tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Davlat aktivlarini boshqarish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;

“Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilinadigan vazirlik va idoralarning axborot tizimlari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. 2023 yil 1 maydan boshlab, davlat mulki hisobini yuritish, uning to‘liqligi va to‘g‘riligini ta’minlashning quyidagi tartibi joriy qilinsin:

respublika mulki bo‘lgan davlat ko‘chmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi, bundan Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli ulushlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish, shuningdek, davlat ulushining vujudga kelishi va miqdorining o‘zgarishi bilan bog‘liq ta’sis hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi;

davlat ko‘chmas mulk ob’ekti va bo‘sh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat sherigi tomonidan tegishli bitim tuzilgandan so‘ng o‘n kun muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi;

vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat ko‘chmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha majburiy tartibda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xulosasi olinadi.

3. Belgilansinki, 2023 yil 1 iyuldan boshlab davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy qilish, ularning faoliyat samaradorligini oshirish va dividend siyosatini takomillashtirish maqsadida:

davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan ma’lumot “Davlat mulki” axborot tizimiga o‘z vaqtida taqdim etilmaganda ularning ijroiya organi rahbarlari rag‘batlantirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

davlat ulushi bo‘yicha dividend miqdori korxonaning investitsiya loyihalari, biznes-reja ko‘rsatkichlari va moliyaviy holatidan kelib chiqqan holda davlat ishtirokidagi korxonalarning davlat ulushi bo‘yicha saylangan kuzatuv kengashi a’zolari tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishilgan holda aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yig‘ilishiga tavsiya etiladi.

4. 2023 yil 1 iyuldan boshlab, davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar ma’muriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan me’yordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etilsin.

Bunda, davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalarning ma’muriy binolarida tijorat tashkilotlarini “nol” stavkada yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi, mazkur binolarning bo‘sh maydonlari ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi va ijara shartnomalari soliq organlarining “E-ijara” elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

5. Davlat aktivlari, ularni boshqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishning quyidagi yangi tizimi joriy qilinsin:

davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari, davlat ulushi, davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari hamda ularga tegishli avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida e’lon qilinadi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno;

davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi o‘rni va ulushi, moliyaviy natijalari, biznes-reja ko‘rsatkichlari bajarilishi va boshqa muhim axborotlarni o‘z ichiga oluvchi davlat ishtirokidagi korxonalarning yig‘ma hisoboti har yili 1 avgustga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

2023 yil 1 oktyabrgacha “Davlat mulki ob’ektlari bilan savdolarni o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish portali” yaratiladi, unda barcha davlat mulki ob’ektlarini savdoga chiqarish va uning natijalari to‘g‘risidagi axborotlar joylashtiriladi hamda ushbu tizim soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

6. Belgilansinki, “E-auksion” elektron savdo platformasida:

xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish bo‘yicha savdolar o‘tkaziladi;

2023 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat ishtirokidagi korxonalarning bo‘sh pul mablag‘larini depozitga joylashtirish bo‘yicha tijorat banklari o‘rtasida foiz oshib borish tarzida bank kapitali yetarliligi, bank kapitalining uning majburiyatlariga nisbati, likvidlilik koeffitsiyenti kabi shartlarni nazarda tutgan holda auksion savdolari o‘tkaziladi.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2023 yil 24 mart