O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish mexanizmining ishga tushirilishi joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topish va jamoatchilikni byudjet jarayonining ishtirokchisiga aylantirishda alohida vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
2021 yilda o‘tkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarda bayon etilgan o‘rinli va dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, davlat byudjetini shakllantirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish maqsadida:
1. Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 1-ilovaga muvofiq 2021 yil 1 oktyabrga qadar:
Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasida (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) 1 milliard so‘mdan kam mablag‘ shakllangan tuman va shaharlar uchun qo‘shimcha 57,9 milliard so‘m;
“Ochiq byudjet” axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq bo‘lgan tuman va shaharlarga qo‘shimcha 59,5 milliard so‘m mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 yanvardan boshlab tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi.
Moliya vazirligi ikki oy muddatda hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning 50 foizini “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilansinki:
tuman va shahar hokimlari Jamg‘armaga mablag‘larning o‘z vaqtida o‘tkazilishi hamda Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi bo‘yicha shaxsan javobgar hisoblanadi;
tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan har chorakda chorakdan keyingi oyning 25-sanasiga qadar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlar o‘zlarining rasmiy veb-saytlari va “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib boriladi;
mazkur bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan qoidani buzish byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzish deb baholanadi.
4. Moliya vazirligi:
uch oy muddatda “Ochiq byudjet” axborot portali hamda tuman va shaharlar hokimliklarining rasmiy veb-saytlarda tashabbusli byudjetlashtirish natijalari bo‘yicha ma’lumotlarni joylashtirib borish tartibi va shakllarini tasdiqlasin;
xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida hududlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning tahlillari asosida ushbu jarayonni takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib borsin;
fuqarolarning tashabbusli byudjetlashtirish jarayoniga jalb etilishi darajasi bo‘yicha hududlar reytingini joriy etsin hamda uni “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib borsin;
tashabbusli byudjetlashtirish jarayonini boshqarishda moliya organlarining vazifalarini aniq belgilagan holda mazkur jarayonni muvofiqlashtirib borsin.
5. Tashabbusli byudjetlashtirish jarayonini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Yoshlar ishlari agentligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda:
tashabbusli byudjetlashtirish jarayonini amalga oshirish mexanizmi va uning mohiyatini aholi o‘rtasida tizimli ravishda keng yoritib borilishini ta’minlasin;
har bir mahalla va ovulda “Ochiq byudjet” axborot portalida taklif qoldirish va ovoz berish jarayoniga ko‘maklashuvchi “mobil” guruhlar hamda “tashabbuskorlar burchagi”ni tashkil etsin;
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 22 sentyabr.