O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan 9 dekabr kuni vazirlik rahbariyati, xorijiy davlatlarning Toshkent shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik muassasalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda xalqaro maydonda O‘zbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishning konseptual masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi, mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyatining zamonaviy yo‘nalishlari, asosiy ustuvor jihatlari muhokama qilindi. Shuningdek, so‘nggi yillarda tashqi siyosat sohasida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar yakuni, natijasi tahlil etildi.
Mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2021 yil O‘zbekiston va respublikaning xalqaro munosabatlari uchun yorqin siyosiy voqealarga, samarali diplomatik aloqalarga boy bo‘lganini qayd etdi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi bo‘lib o‘tdi, asosiy tashqi siyosiy hamkorlar bilan ikki va ko‘p tomonlama shakllarda muloqot jadal rivojlandi.
Yangi yilda ham respublikamiz tashqi siyosati strategiyasining asosiy maqsadi mamlakatimizning jadal va barqaror siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, dunyoviy va demokratik rivojlanishini ta’minlash bo‘lib qoladi. Eng muhim vazifa – avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatini yanada mustahkamlashdan iborat.
Vazir, shuningdek, Afg‘onistonga nisbatan jahon hamjamiyatining umumiy yondashuvini ishlab chiqish, bunda mavjud vaziyatni xalqaro izolyatsiya va keng ko‘lamli inqirozga olib bormaslik muhimligini ta’kidladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston tashqi siyosati strategiyasining asosiy xalqaro tendensiyalaridan biri – mintaqaviy hamkorlikni iqtisodiy o‘sish, davlatlar modernizatsiyasi va barqaror rivojlanishi omiliga aylantirish, zamonaviy tahdidlarga javob berishga tayyorlikni kuchaytirishda o‘z aksini topgan.
O‘z navbatida xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O‘zbekiston erishgan jiddiy yutuqlarni alohida e’tirof этди.
Barcha xorijiy davlatlar bilan sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik, ayniqsa, savdo, investitsiya, transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish yo‘nalishlarida faollashayotgani aytib o‘tildi.
Xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlari, O‘zbekistonning ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi salmoqli faoliyati, jumladan, respublikaning BMT Inson huquqlari kengashiga a’zo etib saylangani, BMT Bosh Assambleyasida muhim tashabbuslar ilgari surilgani, SHHT va IHTga raislik, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan izchil hamkorlik borasidagi faoliyatga urg‘u berdilar.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasi va umuman xalqaro maydondagi faolligi, ahamiyati sezilarli darajada oshib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati