Joriy yilning 6-8 oktyabr kunlari poytaxtimizdagi “Anhor-Lokomotiv” istirohat bog‘ida “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari” o‘n uchinchi Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Bugun “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “CAITME” xalqaro ko‘rgazmasi direktori Gullola Nodirxonova mazkur xalqaro tadbirning tashkil etilishi va uning ishtirokchilari haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, ushbu ko‘rgazma to‘qimachilik, trikotaj, tikuvchilik ishlab chiqarishi uchun asbob-uskunalarning zamonaviy texnologik ishlanmalari va namunalari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.

– Ko‘rgazmada dunyoning 12 mamlakatidan yuzdan ortiq kompaniya ishtirok etishi kutilmoqda, – dedi G.Nodirxonova.

– Jumladan, ular orasida Avstriya, Germaniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Turkiya, AQSH, Shveysariya kabi davlatlardan ishlab chiqaruvchilar bor. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, qatnashuvchilarning 78 foizi xorijiy, 22 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilardir.

Masalan, birgina Turkiyadan 44 kompaniya zamonaviy trikotaj va quritish mashinalari, pardozlash, bo‘yash va laboratoriya uskunalari, matolarni uzluksiz yuvish uchun dastgohlar, to‘qimachilik qozonlari va gorelkalar, shuningdek, nazorat-o‘lchov texnikasi, kompressorlar, gidravlik qurilmalar va boshqa ko‘plab mahsulotlarni namoyish etadi.

Ahamiyatli jihati, ko‘rgazmada ilk bor Ispaniya kompaniyalari qatnashadi. Unda mazkur davlatning yettita sanoat ishlab chiqaruvchilari uyushmasi (AMEC) xom ip va xalqasimon kalava g‘altaklari, bosma va chiyratish mashinalari, dastgoh va pardozlash uskunalarini taqdim etadi. Shuningdek, doimiy ishtirokchilar qatorida debyutantlar ham bu galgi ko‘rgazmaga o‘ziga xos yangiliklari bilan tashrif buyurgan.

Eslatib o‘tamiz, “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari” o‘n uchinchi Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi “Iteca Exhibitions”, “ICA Eurasia” xalqaro ko‘rgazma kompaniyalari tomonidan va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi hamda Savdo-sanoat palatasining rasmiy ko‘magida tashkil etilmoqda.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri