Xalqaro sudning Netanyahuni hisbga olish orderi

Ushbu haftaning muhim voqealaridan biri Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Galantni hibsga olishga order berishi bo‘ldi.

– Xalqaro sud palatasi bir ovozdan Isroilning Rim statuti ostidagi da’volarini rad etgan ikkita qaror qabul qildi. Shuningdek, Netanyahu va Galantni Falastinda sodir etgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi tajovuzlari uchun hibsga olishga order berdi, – deyiladi XJS matbuot bayonotida.

Qaror e’lon qilinganidan buyon Netanyahu va Isroil idoralari orderni qoralamoqda. Falastin ma’muriyati esa jarayonni olqishlab, nizoning tugashiga muhim qadam sifatida qaramoqda. Biroq g‘azolik aholi bunga shubha bilan qaraydi. Ular ishonadiki, Oq uy ma’muriyati baribir Isroilni qo‘llashda davom etadi.

“Xalqaro sudyaning Isroil rahbarlarini hibsga olish uchun order bergani g‘azablidir. Yana bir bor aniq aytaman: Sud nimani nazarda tutsa ham, Isroil va HAMAS o‘rtasida hech qanday tenglik yo‘q. Biz har doim Isroil bilan uning xavfsizligiga tahdid soluvchi kuchlarga qarshi kurashamiz”, – dedi Qo‘shma Shtatlar prezidenti Jo Bayden.

Shu qatorda Kanada, Janubiy Afrika, Iordaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Irlandiya, Italiya, Shvetsiya, Birlashgan Qirollik, Fransiya, Belgiya, Avstriya, Shveysariya, Turkiya va Yevropa Ittifoqi sud orderi bajarilishi kerakligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, o‘tib borayotgan haftada Amerika Qo‘shma Shtatlari Senati mamlakatning G‘azoga qarshi urushi davrida Isroilga AQSHning qurol-yarog‘ sotishni blokirovka qilishga qaratilgan qonun loyihasini rad etdi. Taniqli progressivlar va asosiy demokrat senatorlar bu harakatni qo‘llab-quvvatlagan. Boshqa qurollarni sotishni to‘xtatish to‘g‘risidagi yana ikkita rezolyutsiya ham 20 dan kam ovoz to‘plaganidan keyin muvaffaqiyasizlikka uchradi.

“Hujumkor qurollarni uzatishning davom etishi hozirgi inqirozni yanada kuchaytiradi va mintaqaviy beqarorlik oloviga yanada yog‘ sepadi. Aprel oyida Isroilga 14 milliard dollarlik mudofa yordami paketi uchun ovoz bergan edim va ushbu pozitsiyada davom etar ekanman, Isroilga minomyotlar, tank va hujum o‘qlari berilishiga qarshilik bildiraman”, — degan senator Berni Sanders.

Respublikachilar chora-tadbirlarga qarshi birlashgan bo‘lsada, Bayden ma’muriyati demokrat senatorlarni ularga qarshi ovoz berish uchun undagani ma’lum.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlarining AQSH ittifoqchisi G‘azoda genotsid sodir etayotgani haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, Bayden ma’muriyati o‘tgan yil davomida Isroilga xavfsizlik yordami uchun qariyib 18 milliard dollar sarflagan.

Bu yordam Isroilning vahshiyliklari kuchayib borayotganiga, jumladan Livandagi keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga, falastinlik mahbuslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka va G‘azodagi qamalga qaramay davom etmoqda.

Isroilga qurol jo‘natishga qarshi guruh bayonotida aytilishicha, ular AQSH soliq to‘lovchilari tomonidan moliyalashtirilgan qurol-aslahalarning nazoratdan chiqib ketgan Netanyahu hokimiyatiga jo‘natilishidan norozi.

“Hizbulloh” o‘z yetakchilarini yo‘qotishda davom etmoqda. Hafta boshida “Hizbulloh” matbuot kotibi Muhammad Afif Isroilning Bayrut markaziga uyushtirgan hujumi oqibatida vafot etganini Livan tomoni tasdiqladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 14 kishi yaralangani, jami to‘rt inson hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qildi. Boshqa qurbonlarning shaxsi oshkor qilinmagan.

Rossiya va Ukrainadagi vaziyat

Ushbu hafta Rossiya Ukrainaga o‘rta masofaga uchuvchi raketa bilan hujum qildi.

“Reuters” xabariga ko‘ra, 33 oydan beri davom etayotgan ziddiyat asnosida, Moskva ayni harakatni, Ukraina shu hafta RF ichkarisidagi nishonlarga qarata AQSH va Britaniya raketalarini otgach, amalga oshirgan.

Rossiya Dneprdagi korxonalar va boshqa muhim infratuzilma manzillarini nishonga olgan. Viloyat gubernatori Sergey Lisak aytishicha, hujum natijasida sanoat korxonasiga zarar yetgan, yong‘in chiqib, ikki kishi jarohatlangan.

Ukraina tomoni yana bir necha turdagi raketalar bilan zarba berilganini ma’lum qilgan. Urushdagi aynan bunday o‘zgarishlar urush boshlanganiga 1000 kun to‘lganda sodir bo‘ldi.

Rossiyaning Dneprga “Oreshnik” bilan zarba berishi urushdagi burilish nuqtalaridan biri hisoblanadi. Ushbu sinovdan keyin Putin bayonot berdi. Unga ko‘ra, Rossiya o‘z xavfsizlik tahdidlariga qarab yangi turdagi raketalarni sinovdan o‘tkazadi. “Oreshnik” singari qurollar dunyoning birorta davlatida mavjud emas va uni davomli ishlab chiqarishda davom etadi.

Ushbu voqeadan keyin Zelenskiy ittifoqchilaridan qo‘shimcha havo qurollarini yetkazib berishni so‘ragan. Uning aytishicha, Rossiya ham urush nimaligini his etishi kerak. Shuningdek, ushbu qurol butun Yevropa bo‘ylab nishonlarga zarba berishga qodirligi aytilmoqda.

Yuqoridagi jarayonlar AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Rossiyaga zarba berish uchun ATACMS ballistik raketalaridan foydalanishga ruxsat berishi ortidan sodir bo‘ldi.

Birinchi ATACMS raketalari Kiyevga 2023-yilda yetkazib berilgan. Biroq yaqin vaqtgacha Vashington ulardan Rossiyadagi nishonlarga hujum qilishda foydalanishni taqiqlab kelgan. AQSH shu paytgacha bunday rezolyutsiya mojaroning kuchayishiga olib keladi, deb hisoblab kelgan.

Shuningdek, Putin mamlakat yadro doktrinasini ko‘rib chiqdi. Undagi muhim jumla shuki, agar yadro quroliga ega davlat ushbu qurolga ega bo‘lmagan davlat bilan Rossiya hujum qilsa, Kreml yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Sardorbek Poyonov, Yoqubjon Meliboyev, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.