Zaminimiz inqiroz botqog‘iga botayotgandek… Ta’bir joiz bo‘lsa, hozir dunyoga shunday “ENAGA” kerak-ki, bir “farzandi” (mamlakat)ni ikkinchisidan ustun qo‘ymasin, nohaqlikni sezsa, tap tortmasdan aybdorni jazolay olsin va eng asosiysi, tilidan chiqqan so‘zning “zahri” bo‘lsin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1945 yil tashkil etilgan, asosiy maqsadi xalqaro tinchlikni saqlash, davlatlar hamkorligini mustahkamlash, inson huquqini himoya qilish. Afsuski, so‘nggi yillarda BMTning samaradorligi, ishonchliligiga putur yetgandek. Shu bois, tuzilma juda ko‘p tanqidga uchramoqda.

Muammolar

1. Tashkilotning tizimi va vazifasi. BMTda besh doimiy a’zo mamlakat bor: AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya. Bu davlatlarning veto huquqi boshqa a’zolar tomonidan qabul qilingan qarorni rad eta oladi. Bu holat biror muhim masala bo‘yicha xulosa chiqarish jarayonini sekinlashtiradi yoki umuman to‘xtatadi.

2. Resurs cheklangani. BMTda mablag‘ yetishmasligi tufayli dastur va loyihalar ijrosi ta’minlanmayapti, muammolar hal qilinmayapti.

3. Inson huquqi. BMT Inson huquqlari kengashi doimiy ravishda tanqidga uchraydi. Ayrim davlatlar inson huquqi buzilishi bilan bog‘liq masalada o‘z qarashini himoya qilish uchun ovoz berish vakolatini suiste’mol qilish holatlari tez-tez yuz beradi.

4. Ijtimoiy adolat va tengsizlik. Aholisining ijtimoiy-siyosiy holati turli davlatlar o‘rtasida tengsizlik mavjud. BMT bu masalani hal etish uchun yetarli darajada samarador vositaga ega emas.

Islohot zarurati

– Veto huquqi tizimini qayta ko‘rib chiqish zarur. Yangi dunyo tartibiga mos ravishda har bir davlatning ovozi bir xil ahamiyatga ega bo‘lishi kerak.

– BMT moliya tizimida yanada shaffoflikni ta’minlash, donor davlatlar hissasini oshirish lozim.

– Inson huquqiga oid masalalarda qat’iy chora ko‘rish, muayyan vaziyatni tezkor baholash mexanizmi yaratilishi shart.

– Ijtimoiy adolatni ta’minlaydigan dasturlar ko‘lamini kengaytirish kerak – bu iqtisodiy inqirozni susaytiradi.

Xullas, BMT global muammolarni bartaraf qilishda muhim rol o‘ynaydi, biroq tuzilmaning samaradorligi jiddiy so‘roq ostida turibdi. Tashkilotni isloh qilish orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, global muammolarni hal qilish imkoniyatini oshirish mumkin. Islohot nafaqat ichki tizimni o‘zgartiradi, balki butun dunyoda tinchlik, barqarorlik o‘rnatishga xizmat qiladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA