“Al-Jazira” yozishicha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya yangi giper tovushli raketadan foydalanganini qoraladi, Kreml esa bu G‘arbni ogohlantirish, dedi.

Prezident Vladimir Putin Rossiya o‘zining yangi “Oreshnik” giper tovushli raketasini jangovar usulda sinovdan o‘tkazish davom etishini bildirib, bunday aslahadan foydalanish uchun tayyor zaxira mavjudligini ham ta’kidlagan.O‘z navbatida Ukraina ushbu qurolga qarshi kurashuvchi samolyot tizimi yaratish ustida ish olib borayotganini aytdi.

Putinning bayonoti juma kuni, Rossiya yangi o‘rta masofaga mo‘ljallangan vositasini Ukrainaga birinchi marta yo‘naltirganidan bir kun o‘tib yangradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatga Ukraina Rossiyaga zarba berish uchun AQSH ballistik va Britaniya qanotli raketalaridan foydalanishi sabab bo‘lgan.

Prezident Vladimir Zelenskiy Kiyev G‘arbdagi hamkorlar bilan birga “yangi xavflarga” qarshi turish tizimini ishlab chiqishni rejalashtirayotgani xususida ham gapirgan.

Putin ilk sinov muvaffaqiyatli kechganini qayd etib, keyinroq yana tajriba o‘tkazilishini qo‘shimcha qilgan:

– Bunday sinovni, jumladan, jangovar sharoitda ham vaziyat va Rossiya uchun tug‘ilayotgan xavf va tahdidlar xususiyatiga qarab davom ettiramiz. Zero, bizda muayyan mahsulot zaxirasi, foydalanishga tayyor tizimlar mavjud.

Ayni izoh Ukraina parlamenti Rossiyaning poytaxtga raketa hujumi xavfini ro‘kach qilib, o‘z majlisini bekor qilgandan bir necha soat o‘tib oshkor qilindi. Parlament yopilishi bir necha xorijiy elchixona Kiyevga hujum tahdidi tufayli vaqtincha faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi ortidan sodir bo‘ldi.

– Shuningdek, muayyan hududdagi barcha tijoriy tuzilma, idora va jamoat tashkilotlari ishini cheklash bo‘yicha tavsiya berildi, mahalliy aholi xavf kuchayishidan ogohlantirildi, – dedi deputat Nikita Poturayev.

Parlamentning yana bir a’zosi Aleksey Goncharenko esa bu qarorni “bema’nilik” deya baholab, mazkur bayonot Kiyevda “battar vahima keltirib chiqardi” dedi.

Zelenskiyning matbuot kotibi jurnalistlarga Prezident devoni odatdagi tartibda ishlayotganini ta’kidladi.

Payshanba kuni Putin Kiyev joriy hafta Rossiyadagi nishonlarga qarata AQSH va Britaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy raketalar yo‘naltirganiga javoban, Rossiya qo‘shini Ukrainaga o‘rta masofaga uchuvchi yangi ballistik raketa uchirganini bildirdi. Ertasiga bu haqda Kreml quyidagicha munosabat bildirdi:

– Markaziy Dnepr shahriga yangi ishlab chiqarilgan giper tovushli ballistik raketa uchirilishi Rossiyaning G‘arbga nisbatan “o‘ylamasdan qilingan harakatga javob” sifatidagi ogohlantirishdir.

Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qo‘shma Shtatlarni ogohlantirishga majbur emas edi, shunday bo‘lsa-da, muayyan qaror “Oreshnik” raketasi uchirilishidan 30 daqiqa oldin e’lon qilingan.

– 15 daqiqa davomida uchgan raketaning eng yuqori tezligi 11 Max (1 max – 1225,1 km/soat)ni tashkil etdi, – dedi Ukraina razvedka agentligi. – Raketa har biri oltitadan o‘q-dori bilan jihozlangan oltita jangovar kallakka ega.

Peskov AQSH Prezidenti Jo Bayden “eskalatsiya”ni afzal ko‘rganiga qaramay, Putin u bilan ochiq muloqotga tayyorligini ta’kidladi.

AQSH o‘zining uzoq masofali armiya taktik raketa tizimi (ATACMS)dan Ukraina Rossiya hududiga chuqur zarba berish uchun foydalanishini ma’qulladi. Zelenskiy ham juma kuni kechqurun o‘z video murojaatida Rossiya yangi raketadan foydalanganini eskalatsiya sifatida baholadi:

– Mudofaa vaziri allaqachon hamkorlarimiz bilan odamlar hayotini yangi xavflardan himoya qila oladigan yangi havo mudofaasi tizimi ishlab chiqish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Kimdir boshqa davlatlardan shunchaki emas, balki terror akti orqali yangi raketani sinovdan o‘tkazish uchun foydalana boshlasa, bu aniq xalqaro jinoyatdir. Ukrainaliklar hushyor bo‘lishlari kerak. Biz “O‘rtoq” Putin bizni qo‘rqitishda davom etishini anglashimiz kerak.
Seshanba kuni NATO so‘nggi voqealarni muhokama qilish uchun Ukraina bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.

M.Pirmatova tayyorladi.

O‘zA