Turkiya AQSH ma’muriyatining Ukrainaga Rossiya hududiga hujum qilish uchun taktik raketa tizimidan foydalanishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarorini ma’qullamaydi va to‘g‘ri, deb hisoblamaydi.
“Anadolu” xabariga ko‘ra, Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Rio-de-Janeyrodagi G20 sammitidan qaytayotganda samolyot sahnida jurnalistlar savollariga javob berish asnosida shunday degan.
– Bayden bu bilan RF va Ukraina ziddiyatini yana qo‘zg‘atish, urush hech qachon tugamasligi va hatto tarqalishini ta’minlash yo‘lida navbatdagi qadamni tashladi, – dedi Turkiya rahbari. – Ayni qaror mintaqa va butun dunyoni katta urush yoqasiga olib kelishi mumkin. “Bizdan keyin toshqin bo‘ladi” tamoyiliga tayanib, hech nimaga erisha olmaysiz.
Erdog‘an bu masaladagi eng kichik xato ham “porox to‘la ulkan idishga uchqun tashlash” bilan borabarligidan ogohlantirdi:
– Shuning uchun men barchaga ehtiyot bo‘lishni tavsiya etaman. Biz boshdanoq Ukraina – Rossiya mojarosini qurol, qon va ko‘z yosh bilan emas, balki faqat tinchlikka yo‘naltirilgan sa’y-harakatni kuchaytirish, xayrixohlik va diplomatiya orqali to‘xtatish mumkinligiga ishongandik.
Siyosatchi Oq uyning so‘nggi qarori Rossiyani yanada keskin harakatga undashi mumkinligidan ham xavotir bildirdi.
So‘ngra Prezident Turkiyaning o‘z chegaralaridagi terror tahdidini yo‘q qilish rejalariga to‘xtaldi:
– Turkiya terror muammosini o‘tmishda qoldirishga qaror qildi. Endi o‘lkamizga sarhadlarimiz tashqarisidan tahdid solayotgan tuzilmalarga nisbatan bag‘rikenglik ko‘rsatmaymiz. Anqara hozirgi voqelikka ham, AQSH Suriyadan chiqishi natijasida yuzaga keladigan vaziyatga ham tayyor. Biz uchun milliy xavfsizlik ustuvor ahamiyatga ega. Terrorizmdan xoli Turkiya yaratish maqsadiga yaqinmiz. Muammoning barcha jihatlariga e’tibor qaratganmiz, terrorni yo‘q qilishga qat’iy qaror qildik.
G20 sammiti yakunlarini sharhlarkan, u ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash, shuningdek xalqaro tashkilotlarni isloh qilish masalalari ham forum kun tartibidagi asosiy mavzularga aylanganini eslatib, Turkiya global tengsizlikni bartaraf etishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Shaffof va hisob beruvchi xalqaro tizim zarurligini ta’kidlab, jumladan, shunday dedi:
– Global tizimdagi muammolar tuzatib bo‘lmas ziyon keltirmoqda. Bu buzilgan tizim dunyomizni ulkan falokatga olib kelmasidan, isloh qilinishi kerak.
M.Pirmatova tayyorladi.
O‘zA