Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab adabiy anjumanlar, xotira kechalari, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar, yangi badiiy film premerasi bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 16 iyuldagi “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori betakror shoir ijodini o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi munosabati bilan tantanali adabiy-badiiy xotira kechasi tashkil etildi.
Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li o‘zining betakror va sermazmun ijodi bilan xalqimiz madaniyati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va og‘izbirchilikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan ulkan ijodkordir.
Hassos shoirning she’r va dostonlarida aks etgan gumanistik falsafiy qarashlar xalqimiz qalbidan chuqur joy egallagan.
Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon va Qutlimurod inoq madrasalarida tahsil olgan bu ulug‘ siymo nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqamizda xalqchil shoir, yetuk muallim va ustoz, mohir xattot sifatida shuhrat qozongan. Uning go‘zal asarlari turkman, qozoq, qirg‘iz va boshqa qardosh xalqlar tomonidan ham sevib o‘qilmoqda.
Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi umumbashariy ahamiyatga ega ekanini anglatadi.
Poytaxtimizdagi “Milliy kino san’ati saroyi”da Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film premerasi ham o‘tkazildi.
Filmda Ajiniyozning sermazmun hayoti, milliy she’riyatimizni boyitishdagi hissasi, uning insonparvarlik va vatanparvarlik ruhidagi asarlari aks ettirilgan.
Ushbu asar shoirning xalq orasida qanchalik e’tiborli va hurmatga sazovor bo‘lganini yana bir bor namoyon etadi. Film shoir hayotining muhim voqealari bilan birga, qoraqalpoq xalqining boy madaniy va tarixiy merosini o‘zida aks ettiruvchi voqeliklarni ham ochib beradi.
Filmni suratga olish jarayonida qoraqalpoq xalqining boy folkloriga, an’ana va urf-odatlariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Tadbirda film ijodkorlari – rejissyor, ssenariy mualliflari va suratga olish guruhi ijodiy jarayon haqida batafsil so‘z yuritdilar.
Mazkur hujjatli film Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining ijodiy faoliyatini kengroq yoritishi bilan birga, bugungi yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda ham katta ahamiyat kasb etadi.
Atoqli qoraqalpoq shoirining ijodi, faoliyatiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar, anjumanlar, musiqiy kechalar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA