O‘zbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini yorituvchi jurnalistlar uchun “Ommaviy axborot vositalarida saylovlarni samarali yoritish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Unda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim saylov jarayonlarini samarali yoritish bo‘yicha jurnalistlarning malakasini oshirishga bag‘ishlangan bunday treninglar ilgari ham tashkil etilgani, ularni tashkil etishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihasi muhim o‘rin tutishini ta’kidlashdi.
– Mazkur loyihaning barcha xodimlariga samarali hamkorlik uchun samimiy minnatdorlik bildiraman, – dedi Z.Nizomxo‘jayev. – Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ommaviy axborot vositalari bilan faol va samarali hamkorlik qilib kelayotir.
O‘zbekistonda barcha darajadagi saylov komissiyalari Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z ishini Saylov kodeksi talablari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejasiga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda tashkil etmoqda.
Saylovga oid barcha tadbirlarda ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etmoqda. O‘tkazilayotgan tadbirlarning aksariyati yetakchi tele va radiokanallar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilmoqda. Maxsus reportajlar, jumladan, onlayn hamda fotoreportajlar, intervyular tayyorlanmoqda. Bosma va internet nashrlarda turli tillarda har kuni o‘nlab tahliliy maqolalar e’lon qilinmoqda.
Bularning barchasi, avvalo, mamlakatimizda davlat hamda jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan tizimli, izchil, ayni paytda jadal islohotlar samarasidir. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan saylov jarayonlarini faol va xolis yoritish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.
Markaziy saylov komissiyasining shu yil 23 iyul kuni ish boshlagan Matbuot markazida tajribali jurnalistlar, huquqshunoslar, tarjimonlar, ekspertlar hamda boshqa mutaxassislardan iborat ixtisoslashtirilgan guruhlar faoliyat olib bormoqda. Ushbu markaz saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlashga faol hissa qo‘shmoqda.
Shu kunga qadar yuzga yaqin milliy ommaviy axborot vositasi, jumladan, tele, radiokanalar, bosma va internet nashrlarning mingga yaqin vakili ro‘yxatga olindi. Jumladan, o‘ttizga yaqin xorijiy ommaviy axborot vositasidan 48 nafar jurnalist akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Akkreditatsiya jarayoni davom etmoqda.
Bu jarayonda nodavlat ommaviy axborot vositalari vakillarining har qachongidan ko‘pligini alohida ta’kidlash zarur. Jurnalistlarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda faol ishtirok etayotgani Prezident saylovini ochiq, oshkora va milliy saylov qonunchiligi talablariga binoan o‘tkazishga xizmat qilmoqda.
Dasturida saylov jarayonini yoritishning muhim yo‘nalishlari qamrab olingan ushbu seminar-trening ishtirokchi-jurnalistlarning malakasini yanada oshirish, o‘zaro fikr va tajriba almashishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA