Joriy yilning 1 iyuldan berilishi kerak bo‘lgan subsidiya miqdori tuxum uchun 3 baravar (har bir sotilgan tuxumga 150 so‘m), parranda go‘shti uchun esa 2 baravar (har bir kilogrammiga 1,5 ming so‘m) oshiriladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda chorva, parranda va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda aytildi.

Xususan, omixta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga aylanma mablag‘ni to‘ldirish va parrandachilik loyihalari uchun kreditlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi qoplab beriladi.

Parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleks loyihalari bo‘yicha xarajatlarning bir qismi kompensatsiya qilinadi.Parrandachilik korxonalari uchun foyda, mol-mulk, yer va suv soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

Parrandachilik loyihalarini amalga oshirishga “Mikrokreditbank” (Bo‘tayev) mas’ul bo‘ladi va unga davlat tomonidan 50 million dollar resurs ajratiladi. Ishlar natijasiga qarab, yana 50 million dollar beriladi.

–Viloyat, tuman va shahar hokimlari yangi loyihalar ortidan quvmasdan, ikki hafta muddatda mavjud korxonalarni yil yakuniga qadar to‘liq quvvatlarga chiqishini ta’minlash bo‘yicha dasturlarni tasdiqlasin,– dedi davlatimiz rahbari.– Surxondaryoda boshlangan tajriba asosida aholi xonadonlarida parranda (tovuq, kurka, o‘rdak, g‘oz) yetishtirishga tuman sektor rahbarlari shaxsan mas’ul bo‘ladi.Bunda, tuman hokimlari ikki oy muddatda xususiy sheriklik asosida har bir sektorda kamida 1 tadan mini-inkubator, mahsulotlarni saqlash uchun muzlatkichlar tashkil etsin.

 

O‘zA