Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishish maqsadida ikki kunlik tashrif bilan Surxondaryo viloyatida bo‘lib turibdi.

Amaliy tashrif davomida energetika, agrosanoat, savdo va qishloq xo‘jaligi loyihalari salohiyati bilan tanishish, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyatida Prezidentimiz dastlab Sherobod tumanidagi quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga start berdi.

Prezident Sherobod tumani «Bo‘ston» mahallasida tashkil etilgan anor bog‘i bilan tanishdi. Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali tadqiqotchilari bilan muloqotda anorchilikni ilmiy asosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, tegishli ko‘rsatmalar berildi.

So‘ng tumanning «Kattabog‘» mahallasida anorchilik bilan shug‘ullanayotgan Abdurahmon Karimov xonadonida ham bo‘ldi, mahalla ahli, nuroniylar bilan samimiy suhbatlashdi.

Davlatimiz rahbari Sherobod tumanidagi zamonaviy issiqxona va anorni qayta ishlash korxonasi bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev Angor tumanidagi “Angor Surxon g‘ururi” klasterida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi.

Prezidentimiz Termiz tumanidagi «Ayritom» chegara bojxona postida amalga oshirilgan ishlar hamda Termiz xalqaro savdo markazi bosh rejasi bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Termiz shahridagi «Afghan bazar carpets» korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining Afg‘oniston tajribasi asosida jundan gilam to‘qish loyihasi taqdim etildi.

Tashrif davom etmoqda.

 

Temur MAMADAMINOV (surat), O‘zA