O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida barcha sohalarni jadal rivojlantirish bo‘yicha kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarga ko‘ra, har bir tumanda 2 tadan faoliyat turi o‘ziga xos “o‘sish nuqta”si etib belgilangan.

Shundan Ellikqal’a tumanida turizm va issiqxonachilik drayver soha etib belgilandi. Bu bejizga emas. Chunki hududdagi tarixiy ob’ektlar – qal’alar, Ellikqal’aning asosiy turistik yo‘nalishlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Shulardan ro‘yxatga olingan 21 tasi bugungi kunda xalqaro turizm marshrutiga kiritishga loyiq bo‘lgan qal’alar hisoblanadi. 2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli turistlar oqimi ancha kamaygani bilan tumanga ichki turizm yo‘nalishida “Norinjon bobo”, “Kechirmas ota ziyoratgohi va shifo maskani”, arxeologik yodgorliklar va boshqa turistik ob’ektlarga 40 ming nafardan ortiq ziyoratchi va sayohatchi tashrif buyurgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tumanda 21 ta arxeologiya va 1 ta arxitektura yodgorligi, 10 ta monumental san’at yodgorlik, 5 ta diqqatga sazovor joy va 2 ta ziyorat turizmi ob’ekti mavjud bo‘lib, hozirda bir nechta turistik xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlar faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, 2019 yil davomida bu tarixiy ob’ektlarni ko‘rish uchun kelgan sayyohlar hajmi 50 ming nafardan oshgan. Ular asosan, Tuproqqal’a, Ayozqal’a, Katta Guldursunqal’a tarixiy obidalariga tashrif uyushtirgan.

– O‘tgan yillar mobaynida turizm sohasida qator loyihalar amalga oshirildi, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Ellikqal’a tumanidagi vakili Azizbek Abdullayev. – Jumladan, bouling va fitnes klub – sog‘lomlashtirish markazi foydalanishga topshirildi. 6 ta yangi kafe-restoran ochilib, 190 o‘ringa mo‘ljallangan 3 ta zamonaviy mehmonxona faoliyatini boshladi, 6 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. Aqchako‘l bo‘yidagi turistik kompleksda 2 ta oilaviy dam olish uchun villa qurildi.

Sayyohlar uchun qulaylik yaratish maqsadida turizm ob’ektlarida 5 ta axborot taxtasi o‘rnatildi. Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ularni saqlash maqsadida “Tuproqqal’a” arxeologik ob’ektida 200 million so‘mlik, “Katta Guldursun” arxeologik ob’ektida 600 million so‘mlik konservatsiya ishlari olib borildi.

Tumanga tashrif buyuruvchi turistlarning vaqtini maroqli o‘tkazish maqsadida folklor ansambli tashkil qilindi. 2020 yilning yanvar oyida tumanning turistik salohiyatini namoyon etuvchi “Ellikqal’a – turizm o‘chog‘i” mavzusida xalqaro ilmiy, iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, ichki va ziyorat turizmni yanada rivojlantirish maqsadida tuman hokimligi tomonidan tuman aholisi, tashkilot, muassasalar xodimlari va yoshlarni mamlakatimiz bo‘ylab sayohatga chiqishlarini tashkil etish bo‘yicha reja-grafiklar ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Ular asosida 11 ming nafardan ortiq tuman fuqarolarini sayohatga chiqishi tashkillashtiriladi.

Shuningdek, tumandagi “Norinjon bobo” ziyoratgohi, “Kechirmas ota ziyoratgohi va shifo maskani”, arxeologik yodgorliklarga va boshqa turistik ob’ektlarga 50 ming nafardan ortiq ziyoratchini jalb qilish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Ummon, Eron, Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Xitoy, MDH va qo‘shni respublikalardan mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlardan 10 ming nafarga yaqinini Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda tumanga tashrifini tashkillashtirish rejalashtirilgan.

Tumanda Aqchako‘l bo‘yida “Tuproqqal’a Tur” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 120 o‘rinli mehmonxona va 5 ta oilaviy dam olish uchun villalar qurish, Saxtiyon shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida “Temur Elbek” oilaviy korxonasi tomonidan Turistik markaz tashkil etish, tuman markazida “Odil Baxori” xususiy korxonasi tomonidan o‘tov uylarini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Shuningdek,“Sharbat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan A-380 xalqaro avtomagistrali bo‘yida motel qurilib, oilaviy mehmon uylari sonini 20 taga yetkazish nazarda tutilmoqda.

Aqchako‘l atrofida turizm infratuzilmasini yaratish va 300 o‘ringa mo‘ljallangan turistik majmua barpo etiladi. Bunda, yo‘l va kommunal-muhandislik infratuzilmasini yaratish, cho‘milish plyaj va plyaj sporti maydonchalarini tashkil etish, ovqatlanish joylari, qayiq ijarasi va qutqaruv xizmati tashkil qilish, 1,5 kilometr piyodalar va velosipedda sayr qilish yo‘lakchasini qurish ishlari olib boriladi. Tungi yoritish chiroqlarini va sohil bo‘ylab dam olish o‘rindiqlari o‘rnatish, 2 ta avtoturargoh, ko‘l qirg‘og‘iga iskala, o‘tovlar va yengil konstruksiyali joylashtirish vositalari qurish, optik tolali internet liniyasi tortib kelish, har yili bir marta an’anaviy tarzda baydarka suv sporti musobaqasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Yoshlar turizmini rivojlantirish maqsadida tuman barcha yoshlarini jalb qilgan holda tungi plyaj konsertlari tashkil etiladi.

Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ularni saqlash maqsadida “Tuproqqal’a”, “Katta Guldursun qal’a”, “Ayozqal’a” va “Qo‘rg‘oshin qal’a” arxeologiya yodgorliklarida konservatsiya va restavratsiya ishlari olib boriladi. Ayozqal’a majmuasi, Katta Guldursun, Katta Qavat qal’a, Katta Qirqqiz qal’a, Tuproqqal’a, Abdulla Norinjon bobo maqbarasi ob’ektlarida ma’lumot beruvchi bilbordlar o‘rnatildi.

Tumandagi Saxtiyon shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida 2021-2022 yillarda turizm infratuzilmasini yaratish, hududga “Turizm mahalla”si maqomini berish nazarda tutilmoqda. Turizmni rivojlantirish va yangi turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashabbuskorlar va tadbirkorlar bilan doimiy uchrashuvlar tashkil qilib, ularni sohaga jalb qilish choralari ko‘riladi. Tumandagi hunarmandlarni jalb qilgan holda joylardagi har xil turizm ob’ektlari ramzi tushirilgan suvenirlar va hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, turistik ob’ektlar yonida hunarmandlarning ushbu mahsulotlarini sotish do‘konlari va rastalari tashkil etiladi. Tumanda agroturizm (sharob turizmi) va ekoturizm ob’ektlarini tashkil etish va rivojlantirish, oilaviy mehmon uylarini tashkil etish bo‘yicha har oyda targ‘ibot ishlarini olib borish, turli buklet, broshyura, prezentatsiyalar va boshqa turdagi tarqatma materiallar tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Ellikqal’adagi turistik ob’ektlarga ekskursiya vaqtida Aqchako‘lni tomosha qilgan xitoylik investor Robert Li: “Agar, Qoraqalpog‘istonda shunday bir ko‘l bor, deyishsa, hech qachon ishonmagan bo‘lardim! Issiq-ko‘lga borishga ne hojat, shunday boylik turganda”, degan edi hayratini yashirolmay. Shunday ekan, yaqin kelajakda Ellikqal’a ham mamlakatimizdagi turizm maskanlaridan biriga aylanishi shubhasiz.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA