O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokama etildi. Jumladan, “Transport to‘g‘risida”gi, “Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi, “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari qo‘mita a’zolari tomonidan batafsil muhokama qilindi.
Shuningdek, “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi 187-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 2006 yil 15 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, “Transport to‘g‘risida”gi qonunning asosiy maqsadi xalqaro me’yorlarni inobatga olgan holda barcha turdagi transport vositalarining optimal va muvozanatlashgan o‘zaro aloqasi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilashdan iborat. Bu, o‘z navbatida, soha faoliyatini samarali tashkil etishda yagona transport tarmog‘iga birlashish, samarali transport-logistika tizimidan foydalanish asosida transport turlarini uyg‘un rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqishda muhim o‘rin tutadi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonun ham chuqur tahlil qilindi. Xususan, ushbu qonun bugungi kunda yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotgan mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoatini tartibga solish, yer osti boyliklaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.
Qo‘mita yig‘ilishida Davlat byudjetining 2020 yil yakunlari bo‘yicha ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Davlat byudjetining 2020 yildagi xarajatlari 144 trillion 142,7 milliard so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,8 foizni tashkil etgan.
Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar uchun 44,1 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Shuningdek, 2020 yil Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan 149 ta loyihaga ajratilgan mablag‘lar miqdori 207,1 milliard so‘mni tashkil etgani qayd etildi.
Shuningdek, yig‘ilishda 2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks rivojlantirish dasturi ijrosi yuzasidan ham axborot berildi. Ta’kidlanganidek, Dasturga muvofiq joriy yil 1 may holatiga 840 ta loyiha ishga tushirilib, 5 ming 75 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hozirda Orolbo‘yi hududlarida Xalqaro moliya institutlarining 1 milliard 326,7 million dollarlik 20 ta loyihasi amalga oshirilmoqda.
Qo‘mita tashabbusi bilan joriy yil 3-6 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi terapiya yo‘nalishidagi bosh mutaxassislaridan iborat guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan va yotoqda qolgan bemorlarni “xonadonbay” tizimi asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Nukus shahri, Qo‘ng‘irot, Chimboy va Beruniy tumanlarida istiqomat qiluvchi 226 nafar bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bemorlarning 11 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, 4 nafari Toshkentdagi ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarda davolanishga, 3 nafari buyrak transplantatsiyasiga hamda bir nafari yurak jarrohlik operatsiyasiga tavsiya qilindi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA