Mamlakatimiz jamoatchiligi judolikka uchradi. Davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, taniqli olim va pedagog Rustam Qosimov bugun, 7 may kuni og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’ziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Rustam Sobirovich Qosimov 1955 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida o‘qib, mehnat faoliyatini Toshkent suv xo‘jaligi institutida arab tili tarjimonligidan boshlagan. Ko‘p yillar oliy ta’lim sohasida turli vazifalarda ishlagan. 2004-2009 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari sifatida fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalar rivojiga hissa qo‘shgan. Oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori vazifalarida ishlab kelayotgan edi.
R.Qosimovning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, 2006 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Davlatimiz rahbarining ko‘ngil so‘rashi og‘ir damda marhumning oilasiga hamdardlik, katta dalda bo‘ldi.
Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo qilindi.
Prezidentimiz marhumning ezgu ishlarini yodga oldi.
– Juda qayg‘udaman. Qo‘limizdan kelganini qildik. Xudoning irodasi ekan. Vatanga sadoqatli, fidoyi, aqlli, millatimizning ziyolilaridan birini yo‘qotdik. Biz juda ko‘p yillari birga ishlaganmiz, og‘ir kunlarimiz ham bo‘lgan. Hozir ham menga eng katta yordamchi, maslahatgo‘y edi. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Marhumning oilasi, farzandlari doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.