Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 6 may kuni chet tillarini o‘rganishni takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda vazirlik va idoralar, ta’lim sohasi mutasaddilari, hokimlar, litsey, kollejlar direktorlari ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomada joriy yilda fizika va chet tillarini o‘rganishni ustuvor vazifa sifatida belgilab bergan edi.

Darhaqiqat, mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashib, dunyo bozoriga faol kirib borayotgani hamda xalqaro hamkorlik aloqalarimizning kun sayin kengayayotgani ushbu masalaning dolzarbligini yanada oshirmoqda.

Prezidentimiz mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini qo‘yishda chet tillarni o‘rganish masalasi ham g‘oya muhim ahamiyatga ega ekanini, qancha qiyin bo‘lmasin, joylarda buning uchun sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.

– Keyingi paytda iqtisodiyot tizimi bo‘yicha ko‘p majlislar o‘tkazdik, hokimlarga obodonlashtirish, mahallabay ishlash, xizmat ko‘rsatish, mahalliy sanoatni rivojlantirish kabi sohalar bo‘yicha topshiriqlar berdik. Endi chet tillarni o‘rganish masalasi ham kun tartibida bo‘lishi kerak.Bu masala bilan jiddiy shug‘ullanadigan vaqt keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliygoh bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident xorijdan olib kelinayotgan texnologiyalar umrini uzaytirish, xorijlik mutaxassislar bilan gaplasha olish uchun chet tillarni bilish kerakligini ta’kidladi. Buning uchun joylarda chet tillarini o‘rganishga yetarli sharoit yaratish va uni ommalashtirish barcha rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi, klasterlarda ham chet tillarni o‘rganishni yo‘lga qo‘yish kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda bugungi kunda o‘qitish chet tilida olib boriladigan oliygohlar ko‘payib, xalqaro til sertifikati olgan bitiruvchi o‘quvchilar so‘nggi 3 yilda 10 baravarga oshgani ta’kidlandi (700 nafardan 7 ming nafarga).60 ming nafar o‘quvchi yetakchi xorijiy oliygohlarda tahsil olmoqda (2016 yilga nisbatan 12 baravar ko‘p).

Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 350 nafar yoshlarimizning nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qishi uchun stipendiyalar ajratildi. Bu o‘tgan yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p, degani.

Prezident qayd etilgan ko‘rsatkichlarga qaramay, chet tillarini o‘qitish bo‘yicha joylardagi haqiqiy ahvol qo‘yilgan katta rejalarga mutlaqo munosib emasligini qayd etdi.

Masalan, bugungi kunda ta’lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o‘qituvchilari lavozimi vakant. 1 ming 400 ta maktabda chet tili o‘qitish mutlaqo qoniqarsiz ahvolda.

Bu ko‘rsatkich Qashqadaryoda – 380 ta, Samarqandda – 287 ta, Jizzaxda – 140 ta, Toshkent viloyatida – 120 ta, Surxondaryoda – 90 tani tashkil etadi.

Yig‘ilishda chet tillarni o‘qitishda joylardagi kamchiliklar muhokama qilinmoqda.

 

O‘zA