Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiya 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar va o‘zaro muloqot yangi sifat darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi. Mehmonlarga xalqaro standartlar va eng zamonaviy xorij tajribasi asosida O‘zbekistonda saylov to‘g‘risidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
M.Mekachchi O‘zbekistondagi demokratik islohotlarga yuqori baho berib, o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyorligini ma’lum qildi.
U joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonida YeXHT DIIHB o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
M.Mekachchi saylov jarayoni demokratik prinsiplar va standartlarga muvofiq o‘tishi uchun O‘zbekistonda saylov tizimini yanada takomillashtirish masalalariga berilayotgan e’tiborni yuqori baholadi.
Suhbat chog‘ida tomonlar o‘zaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga doir masalalar yuzasidan fikr almashdi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda huquqiy davlat barpo etish, demokratiya institutlarini takomillashtirish, jumladan, saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha huquqiy poydevorni yanada mustahkamlash borasida jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – dedi Sodiq Safoyev. – Bu jarayonda halqaro muloqot va hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining mamlakatimizda saylov tizimini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi shu jihatdan ahamiyatlidir.
– Tashkilotimiz ko‘p yillardan beri O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilib kelyapti. Biz o‘tgan yillar mobaynida bir qator vazirlik va idoralar, Markaziy saylov komissiyasi, qolaversa, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik o‘rnatdik. Inson huquqlari, demokratik tamoyillarni ilgari surishda ularga yordam berib, qo‘llab-quvvatlab kelayapmiz. Shubhasiz, kelgusida ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiramiz.
YeXHT DIIHB delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov bilan ham uchrashdi.
Mehmonlarga mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu boradagi qonunchilik asoslarini mustahkamlash, sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish, sudlar faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bu boradagi islohotlarning asosiy maqsadi sud hokimiyatining mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishishdan iborat.
Muloqot chog‘ida delegatsiya a’zolariga davlat organlari va mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi konstitutsiyaviy huquqni ta’minlash maqsadida Oliy sudda ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, hududlarda ma’muriy sudlar tashkil etilgani haqida so‘zlab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va YeXHT o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik munosabatlari o‘rnatilgani ta’kidlandi. Mazkur hamkorlik kelgusida ham samarali natijalarni berishiga ishonch bildirildi.
Shu kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
A.Saidov parlament, qo‘mitalar faoliyati haqida to‘xtalib, qonunlarni qabul qilish va nazoratini olib borishda inson huquq va manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratilishini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, saylovlar, nohukumat tashkilotlar, gender tenglik to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qilishda insonparvarlik mezonlariga tayanilishiga urg‘u berildi.
Uchrashuvda Qonunchilik palatasining YeXHT DIIHB bilan hamkorligi doirasidagi ishlarining muhim jihatlari xususida fikr almashildi.
S.RAHIMOV, O‘zA