Agar uch yil oldingi davr bo‘lganda, ya’ni Toshkent viloyati agrar viloyat bo‘lganida Men Hidoyatovni bu yerga yubormasdim. Hozir davr boshqa, qishloq xo‘jaligi emas, sanoat zamoni. Tasavvur qiling, qancha to‘qimachilik korxonalari yaratish mumkin. Shuncha odamni ish bilan ta’minlasa bo‘lar ekan-ku! Tayyor paxtani sotish yechim emas, 27 yil paxta xomashyosi sotdik. Qiynalib chigit ekdik, engashib paxta terdik, foydani boshqalar ko‘rdi.
Hozir klasterlar qishloq xo‘jaligiga sanoatni olib kirayapti. Lekin fermerning manfaatini hisobga olmagan klaster klaster bo‘lmaydi.
Toshkent viloyati sharoitida paxtadan 50 sentnerdan kam hosil olish kerak emas. Qayta ishlashni ko‘paytirish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, ishchi joylari yaratish kerak. Shunday qilmasak, xalqimiz bizdan norozi bo‘ladi. Mana shu masalalarni o‘ylab, men Toshkent viloyati hokimligiga Davron Hidoyatov nomzodini ko‘rsatdim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA