Milliy matbuot markazida «O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasining 2020 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, inspeksiya tomonidan 2020 yilda umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti va temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning shoxobcha yo‘llarida yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish yuzasidan vakolatli organni xabardor etish tartibidagi 89 ta tekshiruv o‘tkazilgan. Bu ko‘rsatkich (pandemiya sababli) 2019 yilning shu davriga nisbatan 105 taga kam.

– Inspeksiyaning asosiy maqsadi temir yo‘l tizimida xavfsizlikni ta’minlashdan iborat, – deydi «O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasi axborot xizmati boshlig‘i Firdavs Xayriddinov. – Temir yo‘l tizimida yil davomida 44 ta avtohalokat sodir bo‘lgan. Bunda o‘lim bilan tugallangan, jarohat va avtomobillarga shikast yetgan holatlar ham kuzatildi.

Yil davomida 182 ta qozonxona ob’ekti, ko‘tarish inshooti texnik ko‘rik va sinovdan o‘tkazilgan.

Anjumanda jurnalistlar savoliga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
D.Mamatova, O‘zA