O‘z maromida suzib borayotgan dunyo qayig‘i bu yil kutilmagan to‘fonga duch keldi. To‘fonki, dunyo tarixining bizlarga ma’lum qismida hali kuzatilmagan, insoniyatga yetkazgan moddiy va ma’naviy zararining o‘lchovi yo‘q bir ofat.

Davlat mukofoti sohiblari
Keyinchalik, katta ehtimol bilan pandemiya yoki karantin bilan bog‘lab eslanuvchi 2020 yil, ayniqsa, O‘zbekiston uchun juda sinovli bo‘ldi. Avval karantin, keyin Buxoro va ortidan Sardoba talafotlari…

Har yaxshining bir yomoni bo‘lgani kabi, har yomonning bir yaxshisi bor, albatta. Ya’niki, mazkur og‘ir yilda davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilgan oqilona siyosat natijasida O‘zbekiston nafaqat ushbu to‘fonga bardosh bera oldi, balki bu sinovdan yanada kuchli bo‘lib chiqdi. Bag‘rikeng, mehr-oqibatli xalqimiz yanada jipslashib, insoniylikning yuksak namunasini ifoda etishdi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan O‘zbekistonning ushbu murakkab vaziyatda tutgan yo‘li, xalqimizning birdamligi haqida juda uzoq gapirish mumkin. Lekin ayni damda boshqa bir masala – o‘sha og‘ir, murakkab va sinovli damlar qahramonlari haqida aytmoqchimiz. Karantin sabab odatiy turmush tarzimizda kuzatilgan o‘zgarishlar – o‘rnatilgan cheklovlar, yangi tartiblarga ko‘nikkan, shu sharoitga moslashgan, buxorolik va sirdaryolik yurtdoshlarimizga mehr qo‘llarini uzatgan har birimiz qahramon, aslida. Ammo yana bir toifa qahramonlar borki, sinovli kunlar, ayniqsa, “Sardoba” suv ombori o‘pirilishi bilan bog‘liq favqulodda holatda jonini xatarga qo‘yib, suvga cho‘kayotgan yurtdoshlarimizni qutqargan, talafot oqibatlarini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan. Bunday fidoyi, mard insonlar haqida alohida to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi.

Sanjar Ibragimov xalqimizning ana shunday o‘g‘lonlaridan biri. U o‘sha mash’um voqea ro‘y bergan kuni Milliy gvardiyaning “Yordam” signali bo‘yicha erta tongdan Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlarida texnogen falokat oqibatlarini bartaraf etishda birinchi saflarda ishtirok etdi.

Mashg‘ulotlar mobaynida harbiy xizmatchilarning o‘qib-o‘rgangan bilim va ko‘nikmalari ana shu sinovli damlarda asqatdi. Qisqa vaqt ichida 90 mingdan ortiq aholi xavfsiz hududga sog‘-salomat vaqtincha ko‘chirildi. Qurolli Kuchlar safida 14 yildan buyon xizmat qilayotgan S.Ibragimov suvda o‘lim bilan kurashayotgan 30 kishini qutqardi. O‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, 350 nafardan ortiq aholini xavfsiz joylarga evakuatsiya qilishda faol ishtirok etdi. Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etishda barcha yurtdoshlarimizni suvdan omon olib chiqdi. Qutqaruvning oxirgi damlarida toshqin kuchayib, S.Ibragimovni suv oqizib ketdi. U 15 kilometr oqib, keyin xizmatdoshlari tomonidan qutqarildi.

Mayor S.Ibragimov charchoq va oqib ketishi oqibatida shok holatida ekanligiga qaramay, shu kunning o‘zida qidiruv-qutqaruv tadbirlarida oxirigacha qatnashdi.

Harbiy qism maxsus tayyorgarlik bo‘yicha guruhi katta ofitser-yo‘riqchisi Sanjar Ibragimov ko‘rsatgan ushbu qahramonligi, jasorati, fidokorona xizmatlari uchun Mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan davlatimizning “Mardlik” ordeni hamda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondonining “Namunali xizmatlari uchun” III darajali ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.

– Yoshligimda maktabimizga kelgan bir guruh harbiylarning o‘zini tutishi shu kasbga qiziqishimni orttirdi, – deydi S.Ibragimov. – Ulardan harbiy bo‘lish uchun nimalar talab etilishini so‘raganman. Harbiylar bu kasb egasidan birinchi o‘rinda kuchli iroda, matonat, vatanparvarlik talab etilishini aytgan. Mana shu uchta so‘z hamon quloqlarim ostida jaranglaydi. Yoshligimdan bu kasbga loyiq bo‘lish uchun kurashdim, jismonan baquvvat bo‘lish uchun sport bilan muntazam shug‘ullandim. Shu maqsadda oliy o‘quv yurtida ta’lim olib, bilimimni oshirdim. Hozir o‘zim sevgan sohada xizmat qilayotganimdan, yurtdoshlarimizga og‘ir damlarda yordam berayotganimdan baxtiyorman. Ayniqsa, Prezidentimizning farmoniga muvofiq, davlatimizning yuksak mukofotiga loyiq ko‘rilganim– buning quvonchi, mas’uliyati juda yuksak bo‘lar ekan.

To‘g‘risi, hech qachon bunchalik hayajonlanmaganman. Prezidentning qo‘lidan davlat mukofotini qabul qilib olish har bir fuqaro uchun katta sharafdir.

Vatanimiz tinchligi, xalqimizning osuda hayotini ko‘z qorachig‘idek himoya qilishga qodir Sanjar Ibragimovdek mard o‘g‘lonlarimiz bor ekan, O‘zbekiston hamisha tinch, xalqimiz xotirjam bo‘ladi. Davlatimiz barqaror rivojlanib, elimizning turmush farovonligi ortib boraveradi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA