Tumanda tarixiy-arxeologik yodgorliklar judayam ko‘p
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan Ellikqal’a tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar, tarixiy-arxeologik yodgorliklar, turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari, matbuot kotiblari, jurnalist va blogerlar uchun mediatur tashkil etildi.
Mehmonlar dastlab “Cho‘pon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 10-maktabgacha ta’lim tashkiloti yangi binosining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda tuman hokimi S.Avezov va boshqalar, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. “Obod qishloq” dasturi doirasida “Ayozqal’a maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etilgan binoga 1 milliard 600 million so‘m mablag‘ sarflangan.
Mediatur ishtirokchilari gidroponika usulida qurib bitkazilgan “Agro eksim gold” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Umumiy qiymati 18 milliard so‘m bo‘lgan loyiha o‘tgan yilning oktyabr oyida ishga tushirildi.
Buning uchun Eron mamlakatidan 1 million 670 ming AQSH dollarga zamonaviy uskunalar keltirildi. Jami 4 gektar maydonni egallagan issiqxonada yetishtirilgan 2,5 million AQSH dollarlik mahsulot Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston mamlakatlariga eksport qilindi. Bu yerda 67 nafar kishi doimiy, 60 nafar kishi mavsumiy ish bilan ta’minlangan.
Bundan tashqari, korxonani yanada kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 8 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilmoqda. Kelgusi yilning mart oyida ishga tushirish rejalashtirilgan issiqxonada ish o‘rni ikki barobar ko‘payadi.
Tumanda tarixiy-arxeologik yodgorliklar judayam ko‘p. Shulardan biri Katta Guldursun qal’asi hisoblanadi. Tadbir ishtirokchilariga mazkur yodgorlik to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Mehmonlar “Umidbek Odilbek” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Guldursun limonlari” issiqxonasida bo‘ldi. Mazkur issiqxonaga aksiyadorlik-tijorat “Turon bank”dan olingan 870 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit evaziga Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy uskunalar olib kelinib o‘rnatildi.
Jami 3 gektar maydondagi issiqxonaning 1,5 gektariga ikki yillik limon ko‘chatlari ekildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yiliga 300 ming dona limon yetishtirilib, shundan 240 ming donasi eksportga chiqariladi. Hozir 35 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Tuman hokimligida 4 ta sektor rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilariga 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida davlatimiz rahbari tomonidan har bir shahar va tumanni rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, tumanni uzumchilik, yengil sanoat va turizmga ixtisoslashtirish bo‘yicha “o‘sish nuqta”lari belgilab olindi. Investitsiya dasturi doirasida 2020-2022 yillarda 96 ta loyiha amalga oshirilib, shuning hisobidan 2 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Tumanda investorlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. bugungi kunda viloyatlar, Estoniya, Ukraina, Janubiy Koreya davlatlari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuning hisobidan so‘nggi ikki yilda 4 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Ellikqal’a tumani turistik salohiyati yuqori bo‘lgan hududlardan hisoblanib, tashrif buyuruvchi sayyohlarga arxeologik turizm, ekoturizm, ziyorat turizmi va agroturizm xizmatlarini taklif qilish imkoniyati mavjud. bugungi kunda tumanda 70 o‘rinlik 2 ta zamonaviy mehmonxona majmuasida 200 dan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari 2 ta muzey, Aqchako‘l sohilida o‘tovlar, bouling va shunga o‘xshash ko‘ngilochar maskanlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
– Tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganining guvohi bo‘ldik. – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Qoraqalpog‘iston telekanali bosh muharriri Bozorboy Yesmurzayev. – Bu esa, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2020-2023 yillarda kompleks rivojlantirish dasturining dastlabki samarasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA