O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yoshlar press-klubida joriy yil 16-17-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan yosh dizaynerlar televizion tanlovi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari A.Sa’dullaev va boshqalar mamlakatimizda barcha sohalar qatorida ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga, yosh avlodning jahon andozalari darajasida bilim olishi va kasb-hunar egallashi, ularning jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.

Anjumanda takidlanganidek, tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi yo‘nalishda maktab formasi modellari, ikkinchi yo‘nalishda esa Yoshlar ittifoqi logotipi bilan erkin kiyimlar, aksessuarlar dizayni ko‘rib chiqiladi. Unda professional hamda havaskor dizaynerlar qatnashadidi.

– Maktab formasi bola uchun har tomonlama qulay, mavsumiy va  salomatligiga bezarar bo‘lishi lozim, – deydi “Yosh dizaynerlar” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Dilnoza Umrzoqova. – Joriy yilning noyabr oyida tanlovning har ikki yo‘nalishi bo‘yicha eskizlar qabul qilindi. Hay’at a’zolari jami 900 dan ortiq ishtirokchidan 20 dizaynerni tanlab oldi. Ularga 10 kun davomida dizaynerlik g‘oyalarni mukammallashtirish, matolarni tanlash va andozalarni ishlab chiqishga ko‘maklashildi va 70 modeldagi liboslar tayyorlandi. Yosh dizaynerlarimiz taqdim etgan ishlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rasmiy saytida  ovozga qo‘yildi.

Tanlov doirasida yosh dizaynerlar mahsulotlari ko‘rgazmasi, har bir ishtirokchining maxsus chiqishlari, yoshlarning zamonaviy raqslari ijrosi, ekstrimal sport namoyishlari hamda ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA