Poytaxtimizda “O‘zbekistonning yangi rivojlanish bosqichida davlat va jamiyat o‘rtasida ijtimoiy muloqotni ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni” mavzuida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya doirasida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirishning dolzarb masalalari qizg‘in muhokama qilindi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Cenati a’zolari va deputatlar, vazirlik va idoralar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy ekspertlar, teleradiostansiyalar rahbarlari, shuningdek, ijodiy va texnik xodimlari ishtirok etdi.
Konferensiyada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasida belgilanganidek, ommaviy axborot vositalarini chin ma’noda “To‘rtinchi hokimiyat” darajasiga olib chiqish, milliy mediamakonda fikr va qarashlar xilma-xilligini ta’minlash, son ko‘rsatkichini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirishning muhim yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda jamiyat hayotida fikr, so‘z va e’tiqod erkinligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining tutgan o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdi. Hayotimizning har jabhasida namoyon bo‘layotgan demokratik o‘zgarishlar jarayonida fuqarolarning siyosiy, ijtimoiy hayotda bevosita va faol ishtirok etishida, hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil ko‘tarib chiqish ular faoliyatida asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Tadbirda mamlakatimiz taraqqiyotida ro‘y berayotgan yangilanishlarni aholiga yetkazishda, odamlar turmushi va ruhiyatidagi o‘zgarishlarni yoritishda Prezidentimiz tomonidan ommaviy axborot vositalari oldiga qo‘yilgan dolzarb vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish chora-tadbirlari va mexanizmlari muhokama qilindi. Axborot sohasini yanada liberallashtirish, shuningdek, nodavlat teleradiostudiyalarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashning yangi usullari va raqamli mediabozorning o‘zini o‘zi boshqarish masalalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
– O‘zbekistonda ijtimoiy sohani isloh qilishga qaratilgan amaliy ishlarning natijasi, avvalo, milliy mediamakonda fikr va qarashlar xilma-xilligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborda namoyon bo‘lmoqda, – deydi YeXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor. – Bugungi konferensiya ommaviy axborot vositalarining ta’sirchanligini kuchaytirish, iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, nodavlat tele va radiostansiyalarning rolini oshirish, ijodiy xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning joriy holati va istiqboldagi yo‘nalishlarini tahlil qilish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir.
Anjumanda milliy axborot va raqamli mediamakonni rivojlantirish masalalari yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.